DAKRIOADENIT



DAKRIOADENIT (Yunoncha dakryon — yosh va aden — bez) — ko’z yoshi bezining yallig’lanishi. Ko’pincha bir tomonlama bo’ladi. Dakrioadenitning o’tkir va surunkali xillari bor. Dakrioadenit infektsion kasalliklar (gripp, tepki, angina, qizamiq va b. kasalliklar) natijasida paydo bo’lib, bunda yuqori qovoqning chakka sohasida og’riq, shish, qizarish kuzatiladi. Ba’zan shish oqibatida bez juda kattalashib, ko’z tirqishi torayib, ko’z soqqasini burun va ichki-past tomonga surib qo’yadi. Bemorning boshi ogrib, tinkasi quriydi, temperaturasi ko’tariladi, quloq oldi limfa bezlari shishib, ushlaganda og’riydi. Yallig’lanib shishgan yosh bezi kamdankam hollarda yorilib, yiring chiqadi yoki yosh bezining abssessga olib keladi. Sil, zaxm kabi umumiy kasalliklar oqibatida kelib chiqqan surunkali Dakrioadenit kam uchraydi. U asta-sekin boshlanadi, ko’z soqqasi oldinga yoki pastga, ichkariga siljiydi. Dakrioadenitga sabab bo’lgan asosiy kasallikka davo qilinsa, yallig’lanish yo’qolib ketadi. Bemorni faqat vrach davolaydi. Mahalliy (quruq issiq, UVCH) va umumiy davo: antibiotik va sulfanilamide preparatlar tavsiya etiladi. Yosh bezining yiringlashi ro’y bersa, jarrohlik usuli qo’llaniladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz