DAKKA



DAKKA, Dhaka (hosildorlik ma’budasi nomidan) — Bangladesh poytaxti. Gang-Brahmaputra daryosi deltasidagi port. Mamlakatning va Dakka viloyatining ma’muriy siyosiy, iqtisodiy, madaniy va diniy markazi. Aholisi 3,8 million kishi (shahar atrofi bilan 7,4 million, 1998). Dakka Bengaliyaning eng ko’hna shaharlaridan, 1608-1717 yillarda uning poytaxti. 17-18-asr boshlarida hunarmandchilik va savdoning dunyodagi eng yirik markazlaridan bo’lgan. Dakkada ishlangan muslin (yupqa gazlama), kashta, oltin va kumushdan yasalgan buyumlar ko’p mamlakatlarda, jumladan Yevropada ham mashhur bo’lgan. Angliya istilosidan keyin (18-asr) Hindistonga Angliyadan ko’plab gazlamalar keltirila boshlagach, mahalliy hunarmandchilik va savdo inqirozga uchradi. 20-asr boshida Dakka milliy ozodlik harakatining markazlaridan biri bo’ldi. 1906 yilda Dakkada musulmonlar ligasi tuzildi. Pokiston davlati tashkil topgandan so’ng Dakka 1947-1971 yillarda Sharqiy Pokiston (Sharqiy Bengaliya) ning ma’muriy markazi, 1971 yil dekabrdan, Sharqiy Bengaliya ozodlikka erishgandan so’ng vujudga kelgan Bangladesh Xalq Respublikasining poytaxti. Dakka — muhim transport yo’llari tuguni. Xalqaro aeroport bor. Dakka va uning atrofi, Narayanganj shahri bilan birga, mamlakat Sharqiy qismining asosiy sanoat rayonidir. Mamlakatdagi ip gazlama, jun, oziq-ovqat, kimyo, metallsozlik, oyna, ko’n sanoatlarining asosiy qismi Dakkada joylashgan. Dakkaning ko’hna qismida Lal Bagh qal’asi, Sat gumbaz masjidi, katta bozor (17-asr), “Yulduzlar masjidi” (18- asr); Yangi shahar qismida universitet, yangi masjid, san’at instituti, Milliy kutubxona, xukumat idoralari va boshqalar bor.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz