DAKAR
DAKAR — Senegal poytaxti. G’arbiy Afrikaning muhim sanoat, transport va savdo-moliya markazlaridan. Yashil Burun yarim orolida, muhim dengiz yo’llari kesishgan yerda joylashgan. Iqlimi subekvatorial; yanvarning o’rtacha temperaturasi 22°, iyulniki 28°. Yillik o’rtacha yog’in 572 millimetr. Aholisi 2 million kishi (1998), 90% afrikaliklar; evropaliklardan asosan frantsuzlar yashaydi. Dakarni 1857 yilda frantsuzlar qal’a sifatida bunyod etgan. 1895-1960 yillarda Frantsiya mustamlakasi Senegalning, 1904-59 yillarda Frantsiya Fapbiy Afrikasining ma’muriy markazi. 1960 yildan Senegal poytaxti. Dakar va uning atrofida mamlakat sanoat korxonalarining 80% joylashgan. Sanoat korxonalari asosan qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlaydi. Dakarda yer yong’oq yog’i ishlab chiqaruvchi yirik zavodlar mavjud. Baliq konserva, pivo va un zavodlari, tamaki, gugurt, yigiruv va to’qimachilik fabrikalari, kemasozlik, neft, tsement, sovun va kimyo korxonalari, issiqlik elektr stansiyasi bor. Yirik dengiz porti. Dakar orqali chetga yer yong’oq va uning yog’i, fosfat chiqariladi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Dakarda universitet (1950), politexnika instituti, Afrikani o’rganish instituti, Paster instituti, san’at maktabi, universitet kutubxonasi, muzeylar, teatr, hayvonot bog’i va boshqalar bor.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz