DAHRIYLIK
DAHRIYLIK (Arab, dahr — vaqt, taqdir, falak) — Islom paydo bo’lmasdan ilgari Arab jamiyatida keng tarqalgan aqida. “O’lim”, “Taqdir”, “Ajalning yetishi” ma’nolarini anglatgan bu aqidaga ko’ra, insonning taqdiri oldindan belgilab qo’yilgan, u erkin Iroda yoki ixtiyor egasi emas, peshonasiga “yozilgan” narsa, albatta, sodir bo’ladi va undan qutulishning iloji yo’q. Johiliya arablarida narigi dunyo borligiga, bu dunyoda zahmat chekkanga u Dunyoda ajr, gunoh ishlar qilganlarga azob berilishiga ishonch yo’q edi. Borlizing egasi, oliy hokimi sifatida muayyan bir Xudo emas, qandaydir “dahr”, taqdiri falak, inson irodasi b-n hisoblashmaydigan va undan yuqori turadigan tasodifiy o’zgarishlar jarayoni tasavvur qilinardi. Ularning e’tiqodicha, o’limdan so’ng hamma narsa tugaydi, shuning uchun bugungi kun bilan yashab qolish kerak. Bunday hissiyot Qur’onda quyidagi so’zlar bilan ifodalangan: “ular deydilar: faqat bitta — bu dunyodagi hayotimiz bor — yashaymiz va o’lamiz; bizni dahr (vaqt, taqdir) halok qiladi” (Josiya surasi, 24-oyat). Keyinchalik, Islom adabiyotida “dahriy” so’zi “mo”min” so’zining aksi sifatida ishlatila boshlandi. O’rta asrlarda bir qancha olim, mutafakkir va shoirlar (masalan, Mansur Halloj) Dahriylikda ayblanib, shafqatsiz jazolangan. Hozir ham musulmon dunyosida Dahriylik qoralanadi. Dahriylik va ateizm atamalari bir ma’noni anglatmasada, sho’rolar davrida ularni sinonim so’z sifatida ishlatish rasm bo’lib qolgan edi. Ahadjon Hasanov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz