DAHO
DAHO (Arabcha) — favqulodda kuchli aql, xotira va ijodiy iste’dod; bilim saviyasi, dunyoqarashiga ko’ra o’z davri darajasidan ilgari ketgan shaxs. Daholar fan-texnika, madaniyat, xususan badiiy ijodiyot sohasida muayyan millat, davlat miqyosida emas, balki umumbashar, jahon miqyosidagi muhim kashfiyotlar qilishga, ilmiy, badiiy asarlar yaratishga qodir bo’ladi. Masalan, Ibn Sino (tabobat), Forobiy (falsafa), Beruniy (matematika), Ulug’bek (falakiyot), Imom Buxoriy, Ahmad Yassaviy (tasavvuf) kabi benazir al-lomalar ilm-fanda, e’tiqodda buyuk kashfiyotlar yaratganlar. Amir Temur, Bobur insoniyat tarixida o’chmas iz qoldirgan va ijtimoiy taraqqiyotni yangi bosqichga ko’targan saltanatlarga asos solganlar. Daholar yaratgan asarlar muayyan sohada burilish yasagan, yangi yuqori bosqichga o’tish uchun xizmat qilgan. Chunki ular ilgari ilm-fanda, ijodda mutlaqo noma’lum yangiliklarni ochganlar. Masalan, Alisher Navoiy asarlari turkiy xalqlar adabiyoti va tili taraqqiyoti uchun burilish nuqtasi bo’lgan. “Xamsa”, “Chor devon”, “Muhokamat ul-lug’atayn va boshqa asarlari jahon madaniyati taraqqiyotiga muhim hissa bo’lib qo’shilgan. Daholik buyuk iqtidor va yuksak ijtimoiy ong mahsulidir. Daholar dohiy deb ham aytiladi. Qadimgi Daholik {geniallik) ilohiy marhamat sifatida baholangan (Platon, neoplatonizm va boshqalar). 19-20-asrlarda Daho va ijodning turli tomonlarini psixologik hamda ijtimoiy tadqiq qilish rivojlandi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz