DAHLAR
DAHLAR, daylar — qadimda hozirgi Turkmanistonning Janubiy, shuningdek, O’zbekistonning bir qismida yashagan qabilalar. Dahlar dastlab Kserksning miloddan avvalgi 486-480 yillarga oid bitigida qayd etilgan. Tarixchi Berosnnyat yozishicha, Kir II Oksus (Amudaryo) bo’ylarida yashovchi ko’chmanchi Dahlar bilan bo’lgan jangda halok bo’lgan. Dahlar Aleksandr (Iskandar Maqduniy) ning O’rta Osiyoga yurishi (miloddan avvalgi 330-327) ga oid voqealarda ham tilga olingan. Ba’zi farazlarga ko’ra, Dahlar Spitamennn Aleksandrga tutib berganlar. Miloddan avvalgi 3 — milodiy 1-2-asrlardagi yozma manbalar asosan, Dahlarni Kaspiy dengizining Janubiy-Sharqiy qirg’og’ida yashovchi aholi sifatida qayd etadilar. Dahlarning shimolda derbiklar yashashgan. Dahlar aparnlar (parnlar), ksantiylar va pissurlar kabi urug’larga bo’lingan. Atrek va Sumbar daryolarining quyi havzasi o’rta asrlarda Dahiston — Dahlar mamlakati deb nomlangan. Ad.: Rtveladze E., Velikiy shelkoviy put, T., 1999.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz