DAHISTON MADANIYATI



DAHISTON MADANIYATI, arxaik Dahiston madaniyati — O’rta Osiyoning Janubi-g’arbida, Kaspiy dengizi bo’ylarida qadimda mavjud bo’lgan arxeologik madaniyat (miloddan avvalgi 2-ming yillik oxiri — 1-ming yillikning 1-choragi oxiri). Hozirgi Astrobod (Eron) atrofidagi jez davriga mansub yodgorliklar bilan genetik aloqadorligi kuzatiladi. Misriyon tekisligida Dahiston madaniyatiga oid bir qancha vohalar tadqiq etilgan. Tekshirishlar natijasida Atrek daryosidan suv olgan, kengligi 5-7 metr, uzunligi 50-60 kilometrga yetgan magistral kanallarga asoslangan sug’orish tizimlari aniqlangan. Dehqonchilik xo’jalikning yetakchi tarmog’i bo’lgan, bunga yorg’uchoq, chaqmoqtosh va temir o’roqlarning ko’plab topilganligi dalil bo’la oladi. Jezdan qurol-yarog’ (shamshirlar va paykonlar) yasashgan. Sopol idishlar kulolchilik charxida yasalgan. Misriyon vohasida istehkomli va istehkomsiz qishloqlar bo’lganligi aniqlangan, ulardan ba’zilari (masalan, Izzatquli — 50 gektarga yaqin) juda katta bo’lgan. Inshootlar, asosan, juda yirik xom g’ishtdan qurilgan. Izzatqulida Markaziy istehkom beshburchak shaklda bo’lib, atrofida turar joy qoldiqlari saqlangan, qishloq chetidagi bir nechta joyda xumdonlar topilgan. Boshqa bir yirik yodgorlik — Madovtepaning ham tarhi shunga o’xshash. Qishloq markazi xuddi Izzatqulidagi kabi istehkom bo’lib, uning hozirgi saqlangan balandligi 13 metr, madaniy qatlamining qalinligi 6,5 metrni tashkil etadi. Dahiston madaniyatiga oid topilmalar Kaspiy bo’yining butun Janubiy-Sharqiy qismidan ham aniqlangan. Bu ushbu madaniy-tarixiy viloyatni Avesto va so’nggi yozma manbalardagi Girkaniya bilan bog’lash imkonini beradi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz