DAHANA VA QAYROQQUM MOZORLARI
DAHANA VA QAYROQQUM MOZORLARI — so’nggi jez davri (miloddan avvalgi 2-ming yillikning oxirgi choragi — 1-ming yillikning boshlari) qabilalarining yodgorligi. Arxeologlar A. P. Okladnikov (1954) va B. A. Litvinskiy (1955-56) tomonidan o’rganilgan. Farg’ona vodiysining shimoliy-G’arb tomonidagi Qayroqqum cho’li va Asht tumani (Tojikiston)ning Dahana qishlog’idan topilgani uchun shu nom bilan yuritiladi. Dahana va Qayroqqum mozorlarida olib borilgan arxeologik qazishlar vaqtida 10 qabr ochib tekshirilgan. Qabrlar taxta toshlardan yasalgan tobut (sarkofag)lardan iborat. Mayyitlar bukchaytirilgan holda yonbosh bilan qo’yilgan. Har bir qabrdan sirti naqshlangan sopol parchalari, jez bilaguzuklar, qo’ng’iroqsimon isirg’alar, ko’plab munchoqlar topilgan. Dahana va Qayroqqum mozorlariga oid yodgorliklar o’zining naqshi, shakli, ishlanish usuli bilan Janubiy Sibir, Qozog’iston va O’rta Osiyo cho’llarida keng tarqalgan Andronovo madaniyatiga o’xshash ekanligini ko’rsatadi. Dahana va Qayroqqum mozorlarida dafn etilgan ajdodlarimiz qabrlaridan topilgan ashyolardan ma’lum bo’lishicha, ularning hayotida chorvachilik muhim rol o’ynagan. Ular Farg’ona vodiysining Chust madaniyati qabilalari bilan yaqin aloqada bo’lganlar.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz