DAG’ALKANOP
DAG’ALKANOP, G’o’zor (Abutilon theophrasti Medic.) — gulxayridoshlarga mansub bir yillik begona o’t. Poyasi tik usadi, sershox, tukli, bo’yi 40— 250 santimetr. Barglari yirik, uzun bandli, keng tuxumsimon, sertuk, navbatma-navbat joylashgan. Gullari bandi uzun, sariq yoki to’q sariq, yirik, besh bo’lakli. Mevasi qobirg’ali qo’ng’irsariq ko’sakcha. O’q ildizi 1 metrdan ko’proq chuqurlikka yetadi, yon ildizlari bor. Iyul—sentabrda gullab, avgust—oktabrda mevalaydi. Bir tupi 1800 gacha urug’ beradi. Issiqsevar, yorug’sevar o’simlik. Maysalari aprelda paydo bo’ladi. O’rta Osiyoda sug’orma dehqonchilik yerlarida tarqalgan. G’o’za va boshqa chopiq qilinadigan ekinzorlar, bedapoyalar, shuningdek, yo’l yoqalari, bog’larda o’sadi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz