DAG’AL OZUQA
DAG’AL OZUQA, dag’al xashak — o’simliklardan tayyorlanadigan quruq xashak. Tarkibida kletchatka miqsorining ko’pligi (25-40%) bo’lishi bilan ajralib turadi. Dag’al ozuqa (Pinan, somon, to’pon, shulxa va boshqalar) o’txo’r hayvonlar qishki rasionining zaruriy qismini tashkil etadi, mollar iste’mol etadigan ozuqa moddalarning deyarli yarmi Dag’al ozuqadan olinadi. Bu guruhga kiradigan ozuqalar ratsionning zarur hajmini ta’minlagan holda ozuqa hazmini yaxshilaydi. Dag’al ozuqadan pichan shu guruhdagi boshqa ozuqalarga qaraganda to’yimliroq. Yo’ng’ichg’a, beda esparset, oqso’xta, bug’doyikdan tayyorlangan 100 kilogramm pichanda 45-50 ozuqa birligi bor, protein, mineral moddalar, uglevodlar, karotinga boy. Mollarga Dag’al ozuqa berish miqdori ularning yoshi va mahsuldorligiga qarab belgilanadi. Sog’iladigan sigirlar uchun Dag’al ozuqa me’yori tirik vaznning 100 kilogrammga 2-2,5 kilogramm miqdorida belgilanadi. Sigirlarda sut mahsuldorligi ko’payishi bilan ratsionda Dag’al ozuqa hissasi shirali ozuqalar hisobiga kamaytiriladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz