DAG’AL JUNLI QO’YLAR



DAG’AL JUNLI QO’YLAR – qo’ylarning dag’al jun beradigan zotlari. Mahsuldorlik belgilari va xo’jalik ahamiyatiga ko’ra Dag’al junli qo’ylar teri va sut beruvchi zotlar (Qorako’l, reshetilov, malich va boshqalar), go’shtdor-yog’dor dumbali zotlar (hisori, edilbiy, jaydari, qozoqi, qirg’iz va boshqalar), po’stinbop teri beruvchi zotlar (Romanov, Kulundin, kalta junli shimol qo’ylari va boshqalar), go’sht-jun va sut beruvchi zotlar (balbas, Bozax, lezgin, tushin, Shirvon va boshqalar) ga bo’linadi. Dag’al junli qo’ylar yiliga 50 kilogrammgacha sut (yog’liligi 6-7%) beradi. O’zbekistonda boqiladigan Qorako’l, jaydari va hisori qo’y zotlari qora, malla, qo’ng’ir, jigarrang, ola, oq bo’lib, boshi, qulog’i, oyoqlari, ayrimlarining (masalan, Hisor zoti) qorni qisqa, yo’g’on, yaltiroq, uch qismi o’tkir jun bilan qoplangan. Juni tivit, qiltiq, oraliq jun tolalari ko’pincha quruq va o’lik jun aralashgan yog’li jun birikmasidan iborat. Bu xildagi junlar qalin movut, sholcha, gilam to’qishda, shuningdek, kigiz bosishda ishlatiladi. Dag’al junli qo’ylar juni yiliga ikki marta — bahor va kuzda qirqiladi. Bahorgisida tivit ko’proq, qiltig’i kamroq, tolasi uzun, sifati kuzgi jundan yaxshiroq bo’ladi. Yiliga sovliklardan 0,8— 2,0 kilogramm, qo’chqorlardan 1,2—3,5 kilogramm jun qirqib olinadi, sof jun chiqishi 80% ga boradi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz