DAG’AL JUNLI ECHKILAR
DAG’AL JUNLI ECHKILAR – mayin junli Angor echkisidan boshqa barcha echkilar. Bularning juni tivit aralash, dag’al va uzun bo’ladi. Echkilarining vazni 45-46 kilogramm, takalarniki 60-70 kilogramm, 100 bosh echkidan 130-140 uloq olish, yaxshi parvarishlash bilan yiliga ikki marta bolalatish mumkin. Tuqqan echkini 5-6 oy sog’ib, 125— 250 kilogramm sut olinadi. Sutining yog’liligi 3,5—3,9%. Dag’al junli echkilar qora, ko’k, malla, burul va ola bo’ladi. Mahalliy sharoitga juda chidamli, tog’ va cho’l sharoitiga moslashgan, O’zbekistonning deyarli hamma tumanlarida urchitiladi. Juni dag’al bo’lgani uchun tivitigina tarab olinadi. O’zbekistonning jaydari echkilaridan yiliga 70-300 gramm, Pop, Nurota va Chust rayonlaridagi qora echkilardan 400-570 gramm, ayrimlaridan 800-1200 gramm tivit olinadi. Echki tivitining yo’g’onligi 10-19 MK, undan qimmatbaho trikotaj, Kashmir va Orenburg ro’mollari to’qiladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz