DAG’AL JUN



DAG’AL JUN — tarkibi har xil tipdagi dag’al (tivit, oraliq tola) jun tolasi, quruq va ulik tolalardan tashkil topgan, kokilchasimon tuzilishdagi jun. Dag’al jun tolasining ingichkaligi va uzunligi turlicha bo’lishi bilan ajralib turadi. Dag’al junning sifati tola tiplarining o’zaro nisbati, uzunligi va ingichkalik ko’rsatkichlariga bog’liq. Tivit tola qiltiq tolaga nisbatan ko’proq bo’lsa, jun qoplamida quruq tolalar bo’lmasa, jun yumshoq va sifatli bo’ladi hamda yuqori (1-nav) ga kiritiladi. Dag’al jun mahalliy dag’al jun beruvchi qo’y va echki zotlaridan, tuyalardan va boshqa hayvonlardan olinadi. Dag’al jun beruvchi qo’ylar juni yiliga ikki marta — bahor va kuzda qirqib olinadi. Bahorgi va kuzgi jun standartlar asosida baholanadi. Bahorgi jun chiqishi kuzgi junga nisbatan ko’p va sifati yaxshi bo’ladi. Dag’al junli qo’ylar Qo’zisi juni tug’ilgan yilning o’zida kuz fasliga borib, 4-6 oyligida birinchi bor qirqimga keladi. O’zbekiston chorvachiligida qorako’lchilik va go’sht-yog’ beradigan dumbali, ya’ni dag’al jun beruvchi qo’ychilik yetakchi soha. Respublikamizda asosan sifatli gilambop, namatbop va shinelbop Dag’al jun yetishtiriladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz