Dabiriy
Dabiriy Kattaqo‘rg‘oniy, Miyno (taxalluslari; asl ismi Ostonaqul Abdushukur o‘g‘li) (1871 — Kattaqo‘rg‘on sh. yaqinidagi Payshanba qishlog‘i — 1939) — shoir, xattot. Buxorodagi Xalifa Husayn madrasasida tahsil ko‘rgan. O‘z qishlog‘i va Buxoro amiri saroyida mirzalik qilgan. «Yosh buxoroliklar»ga qo‘shilib amir Olimxonga qarshi harakatda qatnashgan. 1917 y. okt. davlat to‘ntarishidan keyin yangi usuldagi maktabda muallimlik qilgan, ko‘hna qo‘lyozmalarni qidirib topish b-n ham shug‘ullangan. O‘zbek va tojik tillarida ijod qilgan. Navoiy, Fuzuliy, Bedil g‘azallariga muxammaslar bog‘lagan. Devon tuzgan, ammo devoni amir kishilari tomonidan yoqib yuborilgan. Asarlaridan namunalar «Bayozi Valiy», «Bayozi Maxdiy», «Bayozi Muhibbiy» kabi manbalarda saqlangan. Bizgacha 2000 misra she’rlari yetib kelgan. Xiromiyning «Chor darvesh» dostonini o‘z qo‘li b-n ko‘chirib, muqaddima (she’riy ta’rix) va so‘nggi so‘z b-n Kogonda chop ettirgan.
Manba
O'zME
Kattaqo‘rg‘oniy, Miyno shoir, xattot