Dabba



Dabba — qorin bo‘shlig‘idagi a’zolar (ko‘pincha charvi va ichak)ning chov kanali orqali yorg‘oqqa (moyak xaltasiga) tushib qolishi, churraning bir turi. Chov kanalining kengayishi va moyak xususiy pardasining bitmay qolishi oqibatida D. tug‘ma bo‘lishi mumkin. Qorin devorining ba’zi sohasidagi ayrim muskullarning sust rivojlanganligi, kishi ozib yoki semirib ketganda muskul to‘qimasining yog‘ to‘qimasi b-n almashinishi sababli qorin devorining bo‘shashib qolishi va shu davrda qorin bo‘shlig‘idagi bosimning ortishi D. rivojlanishiga imkon beradi. D.ning sabablari mahalliy va umumiy bo‘ladi. Bularga chov sohasining tuzilish xususiyatlari (mahalliy), og‘ir yuk ko‘tarish, qabziyat, doimo kuchanish (umumiy) va h.k. kiradi. Yorg‘oqqa tushgan charvi va ichak qisilib qolganda (D. qisilganda) o‘z vaqtida operatsiya qilinmasa, ichak tutilishi mumkin. D. qisilib qolganda tez yordam chaqirish kerak. D. hatto hech bezovta qilmaganda ham operatsiya qilish lozim. Bemorning sog‘lig‘i operatsiyaga imkon bermaganda bandaj taqib yurish tavsiya etiladi. Oldini olish: semirib yoki ozib ketishdan saqlanish, og‘ir yuk ko‘tarmaslik, qorin devorini mustahkamlaydigan maxsus mashqlar (vrach tavsiyasi b-n) qilib turish kerak.

Manba



O'zME
qorin bo‘shlig‘idagi a’zolarning chov kanali orqali yorg‘oqqa tushib qolishi, churraning bir turi



Uzpedia.uz