Da Vinchi siri
„
Da Vinci siri “ (inglizcha: The Da Vinci Code) — amerikalik yozuvchi Dan Brownning romani boʻlib, ilk marta 2003-yil aprelda „Doubleday Group“ nashriyoti tomonidan nashr qilingan. „Da Vinci siri“ muallifning avvalgi romani „Farishtalar va shaytonlar“ning davomi edi. Kitob xalqaro bestsellerga aylandi: u 44 tilga tarjima qilinib, 81 milliondan ortiq nusxada nashr qilindi. „Da Vinci siri“ New York Times jurnalining bestsellerlar roʻyxatida turadi, Publishers Weekly ning 2003-, 2004- va 2005-yillardagi bestsellerlar roʻyxatini ochib bergan. Intellektual detektiv triller ruhidagi bu roman xristianlik tarixidagi Muqaddas Graal va Mariya Magdalina hikoyasiga eʼtiborni yanada kuchaytirdi. Shuningdek, asar kitobxonni Leonardo da Vinchi asaridagi ramzlar va ularga yashiringan sirlar ortidan sanʼatkorona ergashtirib ketadi va kutilmagan xulosalar bilan hayratga soladi.
Mazmuni
Bosh qahramon Robert Lengdon — Harvard universitetining diniy ramzlar boʻyicha professori — Luvr bosh noziri Jacques Saunière oʻlimi bilan bogʻliq ishni ochishi kerak. Saunière jasadi Luvr ichida Leonardo da Vinchining „Vitruvian odami“ asaridagidek holatda, tanasidagi shifrli xabar bilan topiladi. Bu xabar qotillik sirini Leonardo da Vinchi asarlari ichidan izlashga ishora qilardi. „Mona Lisa“ va „Sirli kecha“ asarlarini tahlil qilish bu jumboqni yechishga yordamlashishni boshlaydi. Robert Saunièrening nevarasi Sofi Nevyoni uchratadi. Endi ular ikkalasi jumboqlarni yechishlari kerak edi. Ammo sudlov politsiyasi kapitani Bezu Fash Lengdonni qotil deb hisoblardi.
Bosh qahramon ikki jumboqni yechishi kerak edi:
Saunière qanday sirni yashirgan va nega oʻldirildi?
Saunièreni kim oʻldirdi va buni aslida kim rejalashtirgandi?
Jacques Saunière oʻz tanasi va Mona Lisa tasviri ustida qoldirgan yozuvlar bilan Sofi va Robert Sofi bolaligida koʻrgan qutichaning kalitini topishadi. Sofi va Lengdon kalitda bir manzilni koʻrib, oʻsha yerda borishadi. Manzil Syurix depozit banki boʻlib, kalit va maxfiy kod yordamida seyfdan quticha topishadi. Bank boshqaruvchisi Sofi Jacques Saunièrening nevarasi ekanini bilib, ularni politsiyadan qochiradi. Quticha ichidan kripteks — beshta diskli parolli quti, toʻgʻri joylansa ochiladigan boshqa jumboqni topishadi. Robert kripteks ichida Muqaddas Graalga olib boradigan yoʻl borligiga ishonadi.
Sofi va Robert Sion Priorati va Graal boʻyicha mutaxassis Ser Lyu Tibing uyiga borishadi. Tibing ularga Graal tarixini aytib beradi. Ularni kuzatgan qotil Saylas ham uyga kirib hujum qiladi. Sudlov politsiyasi ham ular tomonga kelayotgan boʻladi. Tibing Sofi va Lengdon bilan Saylasni olib qochishadi. Britaniyaga olib borayotgan Tibingning shaxsiy samolyotida Sofi kalit soʻz, yaʼni oʻz ismi bilan kripteksni ochadi, uning ichidan yana bitta kripteks chiqadi. Tibingning xizmatchisi Remi Saylasni ozod qiladi, chunki ularning tili bir boʻlgandi. Remi va Saylas Tibing hamda kripteks bilan qochishadi. Ularni boshqarayotgan ustoz Remini oʻldiradi.
Bu orada Robert va Sofi topishmoqni yechishadi va Tibingni izlab ketishadi. Maʼlum boʻlishicha, Tibing oʻsha Ustoz boʻlib, Graalni topish uchun Sion prioratining uch noziri va Jacques Saunièreni ham oʻldirtirgan edi. Tibing kripteksni talab qiladi, ammo Robert uni yerga tashlaydi. Kripteks sinib, ichidagi jumboq kislotada yoʻqoladi. Shu yerda Tibingni Bezu Fash qoʻlga oladi. Aslida Robert avvalroq kripteksni ochib boʻlgan edi.
Romanda bir necha parallel syujet chizigʻi boʻlib, barcha chiziq xotimada Roslinda tutashadi.
Sirni yechish uchun bir necha jumboqlarni topish kerak edi. Sir Muqaddas Graalning joylashgan oʻrni edi.
Asar muvaffaqiyati
2003-2006 yillarda „Da Vinci siri“ va Braunning boshqa toʻrt kitobi muallifga 260 mln dollar daromad keltiradi. Solishtirish uchun oʻsha davrda Joanna Roulingning Garri Potter seriyasidagi besh kitobi muallifga 59 mln dollar daromad keltirganini koʻrsatsa boʻladi. 2006-yil may oyida romanning katta byudjetli filmi ekranlarga chiqadi.
Manbalar
uz.wikipedia.org