CHUVASHIYA



CHUVASHIYA, Chuvashiya Respublikasi (Chavash Respublikasi) — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi respublika. Sharqiy Yevropa tekisligining sharqida, Volga daryosining o’rta oqimida joylashgan. Maydoni 18,3 ming kilometr kvadrat. Aholisi 1 million 313,9 ming kishi (2002). Poytaxti — Cheboksari shahri. 21 tuman, 9 shahar, 8 shaharcha bor. Davlat tuzumi. Chuvashiya — respublika. Respublika rahbari va ijroiya hokimiyat boshlig’i — prezident. Oliy ijrochi hokimiyat organi — Vazirlar Mahkamasi. Oliy qonun chiqaruvchi hokimiyat organi — Davlat kengashi. Tabiati. Volga daryosining o’ng sohili Volga bo’yi qirlaridan iborat. Shimoliy Sharqiy qismi Chuvashiya platosi bilan band (balandligi 175-227 metr). Platoning Volgaga qaragan yon bag’ri tik tushgan, shu qismida jarlik ko’p. Chap sohili — Zavolje tekisligi (balandligi 50— 70 metr) da do’ngliklar, botqoq va torfli yerlar bor. Foydali qazilmalardan ohaktosh, dolomit, yonuvchi slanes, fosforit va boshqalar bor. Iqlimi mo’tadil kontinental; qishi sovuq, yozi iliq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -12°, iyulniki 19°. Yillik yog’in 450 millimetr. Daryolari Volga havzasiga mansub (Volganing Chuvashiya hududidan o’tadigan qismi uzunligi 127 kilometr). Chuvashiyada chimli podzol va sur tusli o’rmon tuproklari hamda ishqorsizlangan qoratuproqlar tarqalgan. Hududining katta qismi o’rmonli dasht zonasida, o’rmonlar (ko’proq qayin, qarag’ay, eman, jo’ka o’sadi) 32% maydonni egallagan. Yovvoyi hayvonlardan qo’ng’ir ayiq, bo’ri, tulki, tiyin, ondatra, sug’ur, Los, enotsimon it va boshqalar yashaydi. Chuvashiyada chavash Varmane milliy bog’i, Prisura qo’riqxonasi bor. Aholisi, asosan, chuvashlar (67,8%); rus, tatar, mordva va boshqalar ham yashaydi. Shahar aholisi 60,6%. Davlat tillari — chuvash va rus tillari. Dindorlarning aksariyati pravoslavlar. Yirik shaharlari: Cheboksari, Novocheboksarsk, Kanash. Tarixi. Chuvashiya hududida neolit davri oxirida finugor qabilalari yashagan. 10-asrda O’rta Volga bo’yida dastlabki davlat — Volgakama Bulg’oriyasi tashkil topdi. Bu davlat 1243 yil Oltin O’rda tarkibiga qo’shib olindi. Chuvashiyaning shimol qismiga kelib o’rnashgan bulg’orlar bilan finugor aholisining aralashuvi natijasida 15-asrga kelib chuvash xalqi shakllandi. 15-asr boshida Oltin O’rda parchalanib ketdi, chuvashlar boshqa xalqlar bilan birga 15-asr 1-yarmida vujudga kelgan Qozon xonligi tarkibida bo’ldi. 1551 yil chuvashlar Rossiya tarkibiga kirdilar. 1920 yil iyunda RSFSR tarkibida Chuvashiya Muxtor viloyati tashkil etildi. 1925 yil 21 aprelda Chuvashiya ASSRga aylantirildi. 1990 yil sentabrda respublika davlat suvereniteti to’g’risida deklaratsiya qabul qilindi va hozirgi nomini oldi. Xo’jaligi. Yalpi mahsulot tarkibida sanoat ulushi 31,5%, qishloq xo’jaligi 18,5%, qurilish 7%, transport 1,7%, savdo 10,9%ni tashkil etadi. Asosiy sanoat tarmoqlari: mashinasozlik va metallsozlik (elektronika jihozlari, to’quv stanoklari, elektr yuklagichlar, traktor va boshqalar ishlab chiqarish), kimyo (zaharli ximikatlar, lok, buyok, ishlab chiqarish), yengil (jumladan, to’qimachilik), neft kimyosi, o’rmon, qora metallurgiya, yog’ochsozlik va tsellyulozaqog’oz, oziq-ovqat sanoati. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Shumerlya shahrida maxsus avtomobillar zavodi, Cheboksarida priborsozlik, elektroapparat, elektr priborlari, elektronika va mexanika, kabel zavodlari, mikropayvand uchun maxsus asbob, videokasseta ishlab chiqariladigan zavod, to’qimachilik mashinalari, sanoat traktorlari va ularga ehtiyot qismlar ishlab chiqariladigan zavodlar, ipgazlama, trikotaj kombinatlari, Mariinskiy Posad shahrida kabel zavodi, Kanash shahrida elektr yuklagichlar zavodi, Shumerlya, Kozlovka shaharlarida avtofurgon kombinatlari bor. Yiliga o’rtacha 7 milliard kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Cheboksari GES ishlaydi. Asosiy sanoat markazlari: Cheboksari, Novocheboksarsk, Kanash, Alatir, Shumerlya. Qishloq xo’jaligi go’sh-tsut chorvachiligi va g’alla yetishtirishga ixtisoslashtirilgan. Dehqonchilikda bug’doy, javdar, suli, zig’ir, qand lavlagi, kartoshka va sabzavot yetishtiriladi. Bog’dorchilik bilan ham shug’ullaniladi. Qoramol, cho’chqa, qo’y boqiladi; parrandachilik rivojlangan. Chuvashiyada temir yo’llar uzunligi — 396 kilometr. Muhim temir yo’l tarmoqlari: Saransk—Kanash— Cheboksari, Moskva—Arzamas— Kanash— Kozon. Avtomobil yo’llari uzunligi 4424 kilometr. Asosiy avtomagistrallari: Nijniy Novgorod—Cheboksari—Kozon, Ulyanovsk—Cheboksari—Yoshkarola. Volga va sura daryolarida kema qatnaydi. Asosiy daryo portlari: Cheboksari va Novocheboksarsk. Cheboksarida xalqaro aeroport bor. Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. 1990-yillar oxirida har 10 ming aholiga 43 vrach to’g’ri keldi. 20 dan ortiq sanatoriykurort va boshqa dam olish muassasalari bor. Chuvashiyadagi 715 umumiy ta’lim maktabida 210 ming, 26 o’rta maxsus o’quv yurtida 20,4 ming o’quvchi, 3 oliy o’quv yurti (Chuvashiya universiteti, qishloq xo’jalik akademiyasi, pedagogika instituti) da 18,8 ming talaba ta’lim oladi. Chuvashiyada milliy akademiya, tarmoq ilmiy tadqiqot institutlari faoliyat yuritadi. 700 dan ziyod kutubxona, bir qancha klub muassasasi va kinoqurilma, Cheboksarida o’lkashunoslik muzeyi, 750 ga yaqin tarixiy va madaniy yodgorliklar, Ibresi etnografiya muzeyi (ochiq) bor. Chuvash va rus tillarida gazeta va jurnallar nashr etiladi. Mahalliy radio va televiden IESi chuvash va rus tillarida eshittirish hamda ko’rsatuvlar olib boradi. Adabiyoti 19-asrning 2-yarmida vujudga kelgan. Ungacha boy folklor (epik qissa, tarixiy va maishiy qo’shiqlar, ertak, afsonalar) mavjud bo’lgan. 19- asr o’rtalaridan birinchi Chuvash tarixchi yozuvchisi, folklorchi va etnograf S.Mixaylov ijod qila boshlagan. 19-asrning 70-yillarida ma’rifatparvar N.Ya.Yakovlev (1848-1930; 1872 yil “Chuvashlar uchun Alifbe” yaratgan) ning xalq ijodi asosida yaratgan asarlari Chuvash milliy adabiyotining shakllanishida muhim rol o’ynadi. Uning dastlabki arboblari M. Fyodorov, I.Yurkin. 20-asrning boshlari va fuqarolar urushi davrida satirik va dramaturg M.Akimov, democrat shoir K.Ivanov, dramaturg va kompozitor F.Pavlov, shoirlar N.Shubossinni, N.Shelebi, T.Timki, M.Sespel samarali ijod qildilar. 20-30-yillarda S.Fomin, S.Elger, I.Maksimovkoshkinskiy, M.Trubina, P.Osipov, P.Xuzangay, L.Agakov, Ya.Uxsay, N.Ilbekov va boshqalarning asarlari yuzaga keldi. 2-jahon urushi yillari chuvash yozuvchilari tomonidan vatanparvarlik ruhidagi asarlar yaratildi (M.Uypning “Soldatning onasi” dostoni, 1943; L.Agakovning “Partizan Murat” qissasi, 1943). Urushdan keyingi va 50— 70-yillarda chuvash adabiyotida xalqning jang maydonidagi va tinch qurilish davridagi mehnat qahramonligi o’z ifodasini topdi (P.Xuzangayning “Ulkan qalb” dostoni, N.Terentevning “To’lqinlar qirg’oqqa uriladi” pesasi, A.Artelev, S.Aslan, K.Turxan, A.Emelyanov, G.Krasnov va boshqalarning nasriy asarlari, Yu.Semyonov, A.Galkin, G.Efimov va boshqalarning she’rlari). 1934 yil Chuvashiya yozuvchilar uyushmasi tashkil etilgan. Me’morligi va tasviriy san’ati. Chuvashiya hududidan paleolit davriga mansub qarorgohlarning qoldiqlari, qo’rg’onlarning xarobalari, 10-11-asrlarda Volga bo’yi bulg’orlari yashagan joylar (Tigashevo qishlog’idagi qal’a, bula, Tsivil va sura daryolari havzasidagi qishloq va boshqalar) topilgan. Chuvashiya Rus davlatiga qo’shilgach (16-asr o’rtalari), aholi punktlari (Alatir, Cheboksari, Yadrin) qurish boshlandi; ular asta-sekin shaharlarga aylantirildi. Shaharlarda turli xil inshootlar (jumladan, Cheboksaridagi Vvedenskiy sobori, 1657; 17-18-asrlarda bunyod etilgan turar joy binolari) barpo etildi. 19-asrning 2-yarmidan qishloqlarda rus xalq me’morligi ta’siri ko’zga tashlanadi. Hozirgi davrdagi yirik inshootlar; qishloq xo’jaligi instituti (1957; me’mor E.Kalashnikov), Chuvashiya musiqalidrama teatri (1961, me’mor A.Maksimov), “Elektrchi” madaniyat saroyi (1964, me’mor A.Korolkov), savdo markazi (1982, me’mor M.Kudryavtsev va boshqalar), hammasi Cheboksari shahrida. Chuvashiyada qadimdan xalq amaliy-bezak san’ati (naqsh bilan bezab mato to’qish, kashtado’zlik, yog’och o’ymakorligi, munchoqlardan buyum tayyorlash, kashta bilan bezab kiyim tikish) rivoj topgan. 1920-yillardan rassomlik (M.Spiridonov, N.Sverchkov, Yu.Zaytsev), haykaltaroshlik (G.Spiridonov) paydo bo’la boshladi. Rassomlardan N.Ovchinnikov, N.Karacharskov, R. Fyodorov, P.Grigorev, V.Turin, grafiklardan V.Ageev, B.Emelyanov, haykaltaroshlardan Yu.Ksenofontov mashhur. 1933 yildan Chuvashiya rassomlar uyushmasi mavjud. Musiqasi. Chuvash xalq qo’shiqlari, asosan, bir ovozli va pentatonikaga asoslanadi. Musiqa asboblari: shaxlich (qamishnay), shapar va sarnay (volinkalar), kyosle (gusli), varxan va palnay (tilli), xankarma (buben); keyinchalik skripka va garmon ham urf bo’la boshladi. Chuvashiyada professonal musiqa 1920-yillardan vujudga keldi. F.Pavlov, S.Maksimov, V.Vorobev, G.Liskov birinchi chuvash kompozitorlaridir. Vokal, vokalsimfonik, simfonik musiqa, sahna musiqa janrlarini rivojlantirishga F.Lukin, G.Xirbyu, G.Lebedov, A.Togaev, F.Vasilev va boshqalar salmoqli hissa qo’shdilar. Ijrochilar o’rtasida xonandalar I.Vasilev, A.Toksina, A.Kazakova, T. Chumakova, M.Denisov, dirijyorlardan F.Lukin, G.Lebedev, A.Orlov-Shuzm mashhur. Chuvashiyada chuvash musiqali teatri (1959), filarmoniya (1936), ashula va raqs ansambli (1924), chuvash radio va televideniyesi xori (1943) faoliyat ko’rsatadi. 1940 yil Chuvashiya kompozitorlar uyushmasi tuzilgan. Teatri. Birinchi chuvash professional teatri 1918 yil Qozon shahrida tuzilgan va chuvash Ko’chma teatri deb nomlangan. Bu teatrning tashkil topishi milliy dramaturgiyaning rivojlanishiga sabab bo’ldi. Uning sahnasida birinchi chuvash pyesalari — M.Akimov Aruyning “Bevaqt o’lim”, F.Pavlovning “Sudda” pyesalari qo’yildi. 1920 yil Chuvash ko’chma teatri Qozon shahridan Cheboksariga ko’chirildi (1933 yildan akademik teatr, 1959 yildan K.V.Ivanov nomidagi chuvash musiqali drama teatri). 1969 yil undan musiqa teatri ajralib chiqdi, drama jamoasi esa K. V.Ivanov nomidagi chuvash akademik drama teatri deb nomlandi. Bu teatrda turli davrlarda milliy dramaturglar P. Osipov, R.Rjanov va boshqa xalqlar klassiklarining pesalari sahnalashtirildi. Teatr aktyorlaridan A.Urgalkin, V. Kuzmina, V. Rodionov, V.Yakovlev, L.Rodionov va boshqalar mashhur. Chuvashiyada, shuningdek, rus drama teatri (1922), yosh tomoshabinlar teatri (1933), qo’g’irchoq teatri (1943) (hammasi Cheboksari shahrida), boshqa shaharlarda teatrlar bor.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz