CHURRA
CHURRA — ichki a’zolar yoki ular bir qismining tabiiy yoki yangi paydo bo’lgan teshikdan Churra darvozasi orqali biror bo’shliqqa ichki qorin pardasi bilan chiqishi, bunda bo’shliq ichini qoplab turgan parda va terining butunligiga putur yetmaydi. Miya, ko’krak, qorin churralari, Shmorl churrasi (umurtqalararo disk churrasi) va boshqa Churralar farqlanadi. Qorin churrasiga kiradigan chov, son, kindik, qorinning oldingi devori churrasi, chovyorg’oq churrasi (dabba), operatsiyadan keyin paydo bo’ladigan Churra ko’p uchraydi. Churra tug’ma va orttirilgan, joyiga qaytib kiradigan va kirmaydigan, siqilgan va siqilmagan bo’ladi. Tashqi (ichki a’zolar ularni qoplab turgan qorin parda bilan teri ostiga chiqishi) va ichki (Churra hosilasini qorin pardasi va ichak tutqich hosil qiluvchi, cho’ntaklarda bo’rtib chiqishi) Churralar bor. Har bir Churrada: ichki a’zolarning bo’shliqdan chiqadigan joyi — Churra darvozasi; qorin pardasining bevosita Churra darvozasidan chiqadigan qismi — Churra xaltachasi; Churra xaltachasidagi a’zolar — aksari ingichka ichak, charvi, ba’zan bachadon nayi, tuxumdon, yo’g’on ichak, taloq va boshqalar bo’lishi mumkin. Qorin Churrasi ko’proq kuzatiladi, bunda sonning yuqori qismida ko’pincha og’ir mehnatdan keyin, kuchanganda shish, ba’zan shu sohada kuchsiz og’riq paydo bo’lib, ko’pincha bu alomatlar bemorni tinch holatida o’zo’zidan yo’qolib ketadi. Uzoq vaqt Churra bilan og’rigan bemorlarda shish doimiy bo’lishi mumkin. Churra umurtqalararo diskdan chiqadigan bo’lsa, bel va oyoqlarga og’riq beradi, harakat cheklanadi. Churraning sabablari mahalliy va umumiy bo’ladi. Bularga Churra xaltachasi bo’rtib chiqadigan tana qismlarining tuzilish xususiyatlari (mahalliy), og’ir yuk ko’tarish, qabziyatda doimo kuchanish (umumiy) va hokazolar kiradi. Homiladorlikda qorinning ichki bosimi oshadi, devoir esa bo’shashib yupqalashadi, natijada Churra xavfi kuchayadi. Bo’shliq devorining ayrim shikastlaridan so’ng “bo’shashgan (zaif) joylar” hosil bo’lib qolishi mumkin. Ona qornidagi rivojlanish nuqsonlari, masalan, kindik halqasining o’smay qolishi oqibatida kelib chiqadigan tug’ma Churra ham bo’ladi. Churra belgilari: odatda Churra paydo bo’ladigan soha bo’rtib (shishib) chiqadi, paypaslab ko’rilganda Churra darvozasi seziladi va hokazolar. Asorat bermagan Churrada bemor og’irlik, noqulaylik sezadi, ba’zan siydik ajralishi buziladi. Katta Churrada og’riq paydo bo’lib, odamning ish qobiliyati pasayadi. Yallig’lanish va qisilish Churraning eng ko’p uchraydigan asoratidir. Churra xaltachasi va ichidagi a’zoning shikastlanishi oqibatida yallig’lanish ro’y beradi, bunda Churra xaltachasi ichidagi a’zo bilan uning devorlari o’rtasida bitishmalar hosil bo’lib, to’g’rilanmaydigan Churra yuzaga keladi. Churra qisilganda qisilgan a’zoda qon aylanishi buzilib, u jonsizlanadi. Qisilish o’z vaqtida bartaraf etilmasa, ichak yorilishi (peritonit) paydo bo’lishi mumkin. Ichaklar bosilganda ichak tutshshshi ro’y beradi. Har qanday Churrani o’z vaqtida operatsiya qilinmasa asorati yomon bo’ladi. Churra qisilganda zudlik bilan tez yordam chaqirish kerak. Churra hatto bezovta qilmaganda ham operatsiya qilish lozim. Bemorning sog’lig’i operatsiyaga imkon bermaganda bandaj taqib yurish tavsiya etiladi. Bolalarda ko’pincha tug’ma Churra bo’ladi. Ularda asosan kindik va chov Churralari ko’p uchraydi. Kindik Churrasi kamdan-kam qisiladi va go’dak hayotining dastlabki yillarida o’zo’zidan tuzalib ketadi, chunki bola o’sgan va muskullari rivojlangan sari kindik halqasi o’zicha bekilib qolishi mumkin. Go’dak bolalarda kindik Churrasini kindikka muntazam yopishqoq plastir yopishtirib davolanadi. Plastirni 7-14 kunda almashtirib turish lozim. Oldini olish: qorin devori muskullarini mustahkamlaydigan maxsus mashqlar bilan muntazam shug’ullanish (vrach tavsiyasi bilan), organizmni chiniqtirish, jismoniy ish bilan dam olishni to’g’ri tashkil qilish kerak. Homiladorlikda bandaj taqish, badan tarbiya bilan shug’ullanish, tug’ruqdan so’ng qorinni massaj qilish va birdan semirib yoki oriqlab ketishdan saqlanish lozim. Bolalarda Churraning oldini olish uchun ularni ratsional ovqatlantirish, qabziyatga yo’l qo’ymaslik g’oyatda muhim. Go’dak bolalarni sutkasiga 3-4 marta 1-3 minutdan qorni bilan yotqizish tavsiya etiladi. Bu orqa va qorin muskullarini yaxshi mustahkamlaydi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz