CHUMQOR TOG’I



CHUMQOR TOG’I — Jizzax viloyatining Janubdagi tog’. Turkiston tizmasining bevosita davomi. O’zbekistonning Jizzax viloyati va Tojikistonning Sug’d viloyati hududlarida joylashgan. Tog’ning suvayirg’ich qismidan O’zbekiston va Tojikistonning davlat chegarasi o’tgan. Chumqor tog’i, asosan, kenglik bo’ylab cho’zilgan, faqat Qoshtepa dovonidan G’arbdagi qismi Janubi g’arbga yo’nalgan. Chumqor tog’i sharqda Guralash dovonidan boshlanib, shimoli g’arbda Zarafshon daryosi yaqinida (G’ubdin tog’da) tugaydi. Umumiy uzunligi 80 kilometrdan ziyod. Kengligi o’rtacha 16 kilometr. Balandligi 2000-3000 metr. Eng baland joyi 3405 metr (Bozorxonim cho’qqisi). Chumqor tog’i Lattaband dovoniga yetgach, ikki tarmoqqa ajralgan, Janub qismi — Qizilqanor tog’i (Tojikiston hududida), shimol qismi — Lattaband tog’i. Chumqor tog’i gersin burmalanishida shakllangan antiklinal. Asosan, paleozoyning gilli slaneslari, qumtoshlari, ohaktoshlaridan tashkil topgan. Suvayirg’ich qismi o’tkir, qoyali. Janub yon bag’ri nisbatan nishabroq, Sangzor daryosi va uning chap irmoqlari bilan kesilgan. Tog’ning etaklarida bo’z, yon bag’irlarida tog’o’rmon jigarrang, qo’ng’ir, tog’o’tloq dasht tuproqlar tarqalgan. Bo’z tuproqlarda rang, yal tirbosh, chalov, bug’doyiq, karrak, oq kovrak, gulhayri, betaga va boshqalar o’sadi. Butalardan do’lana, pista uchraydi. 1800-3000 metr balandliklar orasi archazor. Tog’o’rmon jigarrang, qo’ng’ir tuproqlar tarqalgan. Pista, irg’ay, zirk, baland bo’yli o’tlar ham o’sadi. 3000 metrdan yuqorida subalp o’tlokdari (qo’ng’irbosh, rang, taran, anjabor, taktak) boshlanadi. Tog’ etagida lalmikor dehqonchilik, mevachilik, sabzavotchilik rivojlangan. Chorvachilik bilan ham shug’ullaniladi. Murod Mamatqulov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz