Chubin madrasasi
Chubin madrasasi — Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida joylashgan tarixiy yodgorlik. U shaharning shimolida joy olgan. Bugungi kunda bu hududda Shahrisabz tarix muzeyi faoliat yuritadi.
Joylashuvi
Chubin madrasasi shaharning shimoliy qismida, Oqsaroy qarshisida joylashgan.
Madrasa yogʻochga ishlov beruvchi hunarmandlar mahallasida joylashgan.
Tarixi
Mazkur inshoot kim tomonidan barpo etilganligi aniqlanmagan. Xalq orasida ayrim taxminlar va rivoyatlar mavjud xolos. Bu madrasa „yogʻoch bozori“ yaqinida joylashganligi sababli ham chub — „yogʻoch“ soʻzi asnosida Chubin deya nomlanib ketilgan.
Madrasa XVI asrda bunyod etilgan boʻlib, oʻz davrida insonlarga diniy taʼlimdan saboq beruvchi darsgoh vazifasini oʻtagan. Shu sababli ham, mazkur hududda xonaqoh, oʻquv xonalari vatalabalar yashashi uchun hujralar ham bunyod etilgan.
Oʻrta asrlarga oid qoʻlyozma maʼlumotlariga koʻra, Shahrisabzda oʻsha davrda jami qirqdan ziyod madrasa faoliyat yuritgan. Ilmi toliblar bu yerga uzoq yurtlardan kelib taʼlim olganliklari sababli ham madrasa hovlisidagi hujralardan yotoqxona sifatida foydalanishgan.
Tuzilishi
Masjid tarkibi darsxona, hujralar va kirish darvozalaridan tashkil topgan. Madrasa binolari keng hovli atrofini o‘rab turadi. Darsxona devorlari va masjidning ichkari qismi ganch bezaklar bilan bezatilgan, tom qismi katta gumbazlar bilan yopilgan. Hujralar esa oddiy toqilar bilan yopilgan. Ular XVII asrning oxirida, qadimiy poydevorlar ustiga qurib bitkazilgan.
Taʼmirlash ishlari
1993—1996-yillarda madrasa hududida taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan va muzeyga moslab qayta rekonstruksiya qilingan. Bugungi kunda bu yerda Shahrisabz tarix muzeyi faoliyat yuritib kelmoqda.
Muhofazaga olinishi
Oʻzbekiston Respublikasi vazirlar mahkamasining 2019-yil 30-maydagi qaroriga koʻra, Shahrisabzda birinchi muzey-qoʻriqxona barpo etilgan. Uning qamroviga Shahrisabz shahrida joylashgan 7 ta tarixiy yodgorlik obyeklari kirilgan boʻlib, Chubin madrasasi, Shahrisabz shahrining tarixiy qal’asi, Maliki Ashtar masjidi, Kunchiqar masjidi, Chorsu savdo gumbazi shular sirasiga kiradi.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org