Choyxona




Choyxona asosan choy ichish uchun moʻljallangan jamoat taomxonasidir. Oʻrta Osiyo mamlakatlari, Eron va Turkiyada keng tarqalgan. Oʻzbek choyxonalaridagi asosiy taomlar — palov, somsa, lagʻmon, qozonkabob, dimlama va hk. Choyxonalarda spirtli ichimliklar sotilmaydi.

Choyxona , samovar — choy ichib tamaddi qilinadigan, hordiq chiqariladigan jamoat joyi. Issiq iqlim va sharoit taqozosi bilan Oʻrta Osiyoda keng tarqalgan. Oʻtroq xalqlarda qadimdan (arablar istilosidan ilgari ham) Choyxona kabi qishki va yozgi tamaddixonalar boʻlgani haqida maʼlumotlar bor. Choyxonalar rabotlar, bozor, guzarlar va mahallalardagi xushmanzara joylarga qurilgan, ularda choy va nondan tashqari turli qand-qurs, meva qoqilar sotilgan, taomlar ham tayyorlangan. Choyxonalar musofirlar, yoʻlovchilar tunab qoladigan joy vazifasini ham bajargan. Oʻtxonali suv qaynatish qurilmasi — rus samovarlari paydo bulishi bilan Choyxonalarda choy, albatta samovarda qaynab turgan suvdan damlangan (Choyxonaning "samovar" nomi shundan). 20-asrning 20-yillaridan boshlab sobiq sovet davlatida Choyxonalar — "qizil burchaklar" tashkil qilingan targʻibot-tashviqot, tashkiliy ishlar markaziga aylantirildi. 90-yillar boshidan qishloq markazlarida, korxonalarda, shahar mahallalari va oshxonalar huzurida ishlab turgan Choyxonalarda milliy urf-odatlarni tiklash masalalariga alohida eʼtibor berildi. Choyxonalarni milliy uslublarda qurish, bezash va jihozlash, xizmat koʻrsatish, madaniy hordiq chiqarish shart-sharoitlari yaratildi. Choyxonalar madaniyat va istirohat bogʻlarining zaruriy unsuriga aylanib, dam oluvchilarga xizmat koʻrsata boshladi.

Toshkentdagi "Salom", "Moviy gumbazlar", "Samarqand", "Fargʻona", "Otalar choyxonasi", Samarqand, Namangan, Qoʻqon shahridagi namunali Choyxonalar binolari atrof muhit bilan uygʻunlashtirib qurilgan, ularning zamonaviy jihozlanishiga alohida ahamiyat berilgan.

Sulton Xolnazarov.

Yana qarang




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz