CHOY



CHOY (Thea) — 1) Choydoshlar oilasiga mansub ko’p yillik doim yashil butalar yoki daraxtlar turkumi. Vatani — Janubiy Osiyo. Xitoy, Hindiston, Indoneziya, Shri Lanka, Keniya, Argentina asosiy choy yetishtiruvchi mamlakatlar qatorida turadi. Jahon bo’yicha ekin maydoni 2291 ming gektar, hosildorligi 1254 kilogramm/gektar, yalpi hosili 2872 ming tonna (1999). 2 turi bor. Xitoyda (T.sinensis; Jan. Sharqiy Osiyoning tog’li rayonlarida tarqalgan) butasimon, bo’yi 1 — 3 metr, sershox, bargining uzunligi 10 santimetrgacha, shakli ponasimon chuzinchoq. Assom Choyi (T.assamica; Hindiston o’rmonlarida o’sadi) daraxt, bo’yi tik, shoxlangan, bargining uzunligi 7 santimetrgacha. Bu turga Xitoy va Assom Choyining tabiiy duragayi bo’lgan Tseylon Choyi ham kiradi. Ildizi o’qildiz, 1-3 metrgacha tuproqqa kirib boradi. Guli qizil, oq, chetdan changlanadi, mevasi 3-4 uyali chanoq, 1000 dona urug’i vazni 1 kilogrammga yaqin. Choy issiqsevar va namsevar o’simlik, -12° ga qadar qisqa sovuqlarga chidaydi. Tropiklarda yil bo’yi o’sadi. 100 yil va undan ortiq yashaydi. 10-70 yoshida yaxshi hosil beradi. Qizil tusli va sariq tusli tuproklarda yaxshi o’sadi. Urug’i 60-70% namlikda va 20— 25° da unib chiqadi, 4-5 yoshidan boshlab har yili gullaydi. Havo harorati 20° va namligi 70% bo’lgan sharoitlarda yaxshi rivojlanadi. Yosh barglarining tarkibida 72-80% suv va 20— quruq modda, oqsil, tanin (8—), kofein (2,1—4,2%), qand, organik va aminokislotalar va mineral moddalar (4,7% gacha), V,, RR, V2, S vitaminlari, fermentlar (xlorofill, karotin, ksantofil), efir moyi bor. Choyning kimyoviy tarkibi uning yoshiga, turxiliga, bargni terish muddatiga, novdalarining o’sish tezligiga bog’liq. Yosh barglarda ekstraktiv moddalar ko’p. Choy urug’i va qalamchalaridan ko’paytiriladi. Bahorda va kuzda qator oralari kultivasiya qilinadi, tropik mintaqalarda har 2-3 haftada yumshatiladi, o’g’itlanadi. Choy o’simligi 2-3 yoshlik bo’lganda tuplarga shakl beriladi, yon shoxlar kesiladi. 6 yoshga yetgan o’simliklardan eng yosh novda uchidagi 2-3 ta barglar — hosil qo’dda may oyidan oktabr oyigacha terib olinadi. Yig’ilgan barg 2-3 soat ichida choy fabrikalariga topshiriladi yoki salqin joylarda saklanadi. Choy barglaridan choy sanoati korxonalarida qadoqlangan, barglari o’ralgan qora Choy, ko’k Choy, ko’k va qora taxta (presslangan) Choy mahsulotlari ishlab chiqariladi. Ba’zi mamlakatlarda (Hindiston, Xitoy, Yaponiya) sariq va qizil Choy ham tayyorlanadi. Choy bargaining chiqindilaridan kofein, turli vitamin preparatlari va boshqa dorivor moddalar olinadi. Choyning urug’idan olinadigan moy kosmetikada, konserva sanoatida va boshqalarda ishlatiladi. Xitoy va Myanmada yangi Choy bargi iste’mol (salat va oshko’k) qilinadi. Qora oliy nav Choy tayyorlash uchun choy bargi 40-50° (suv bug’lanib, mahsulot elastik bo’lishi uchun) da so’ldiriladi, keyin barglar o’raladi va fermentasiya qilinadi. Fermentlar ta’sirida taninning achchiq fraktsiyalari oksidlanadi, natijada yoqimli taxirroq ta’mli tanin, xushbo’y efir moylari hosil bo’ladi. Ko’k Choy tayyorlash usuli xuddi kora Choynikidek, faqat barglar so’ldirilishidan oldin (barglarning ko’k rangini saqlab qolish va fermentlarning parchalanishi uchun) o’tkir bug’bilan (100°) ishlanadi.Qora tosh Choy oliy navli Choy tayyorlashdan chiqqan chiqitlardan (125— 250 gramm presslanib) tayyorlanadi. Ko’k tosh Choy kuzgi asosiy yig’im kampaniyasi tamom bo’lgandan keyin qolgan dag’al barglardan yoki ko’klamgi daraxtlarni butash paytida yig’ilgan barglardan tayyorlanadi. Choyning asosiy mahsuloti — bargi va undan olinadigan quruq Choydir. Miloddan avvalgi 4-asrda Xitoyda Choy bargi uchun ekila boshlagan. Choy ichimligi to’g’risidagi dastlabki ma’lumotlar miloddan avvalgi 2700-yillarga oid qo’lyozma manbalarida uchraydi. 9-asrdan Yaponiya va Koreyada, 19-asrdan Indoneziya, Hindiston, Shri Lankada ekila boshladi. 1885 yildan Gruziyada, 1901 yildan Rossiyaning Krasnodar o’lkasida, 1913 yildan Ozarbayjonda Choy plantatsiyalari tashkil topdi. Rossiyada Choy ichimligi 1638 yildan kiborlar doiralarida iste’mol qilina boshlagan. 18-asrga kelib bu ichimlik ancha ommaviylashgan va rus samovarlarining paydo bo’lishi shu davrga to’g’ri keladi. O’zbekistonda Choy ichish qachondan boshlab urf bo’lgani haqida aniq ma’lumotlar yo’q. Ayrim manbalarga ko’ra, Turkiston shaharlarida hind savdogarlari Choy savdosi bilan shug’ullanganlar. Shaharlar va yirik qishloqlar guzarlarida faqat Choy ichimligi va tamaddi (non, qandqurs) bilan savdo qiladigan choyxonalar bo’lgan. 20-asr boshlarida hind savdogarlari Samarqandda Choy qadoklash korxonasini tashkil etganlar. 1913 yilda O’rta Osiyoga chetdan 720 ming pud Choy keltirilgan (75%i ko’k Choy), uning 240 ming pudi Turkiston o’lkasida, 150 ming pudi Buxoro xonligida, 40 ming pudi Xiva xonligida sotilgan. 1923 yilda O’rta Osiyoda yagona va chetdan keltiriladigan xom ashyoda ishlaydigan Samarqand choy qadoqlash fabrikasi ishga tushirildi. 90-yillar boshidan Samarkand, Namangan, Toshkent shaharlarida Buyuk Britaniya, Hindiston, Argentina, Shri Lanka, Xitoy firmalari (“veta Tea”, “Tata”, “Impra”, “Akbar”, “Lipton” va boshqlar) bilan xamkorlikda Choy importi, qadoqlash va sotish bilan shug’ullanadigan qo’shma korxonalar tashkil topdi yoki chet el firmalarining vakolatxonalari ochildi. O’zbekistonda 2002 yilda 4847 tonna qadoqdangan Choy ishlab chiqarildi; Xolima Otaboyeva. 2) maxsus ishlov berilgan Choy barglaridan tayyorlanadigan ichimlik. Choy damlashning o’ziga xos qoidalari bor. Chinni yoki fayans choynak yaxshilab yuviladi, sungra isitish uchun qaynagan suv bilan 2-3 marta chayiladi, keyin quruq choy solib, qaynab turgan suv quyiladi (choynakning 1/2 hajmida), choynakni qalin qilib sochiq yoki maxsus yopqich bilan urab 5-7 minut damga qo’yiladi, so’ngra choynakka to’lguncha qaynab turgan suv quyiladi. Choy shamasi choynak tubiga chukkandagina choy tayyor hisoblanadi. Choyni turli shirinliklar (qand, murabbo, asal), sut, qaymoq bilan ichish mumkin. Choyning organizmni tetiklashtiruvchi xususiyati uning tarkibidagi kofein (4%) miqdoriga bog’liq. Choy kofeyni qahva kofeiniga nisbatan organizmga yengil ta’sir qiladi va organizmda yig’ilmaydi. O’zbekistonda asosan ko’k choy (Toshkent shahri va Toshkent viloyatida qora choy) ishlatiladi, organizmni tetiklantiruvchi xususiyati va tarkibidagi R vitaminining ko’pligi jihatidan qora choydan ustun turadi. Choyni ovqat oldidan, ovqatdan keyin, hazmni yengillashtiruvchi, chanqoqbosar ichimlik sifatida, asosan issiq yoki yaxna holida ichiladi. O’zbek xalqi urf-odatlariga ko’ra, mehmon o;diga non bilan birga, albatta Choy ham keltiriladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz