CHORTOQ TUMANI
CHORTOQ TUMANI – Namangan viloyatidagi tuman. 1950 yil 15 aprelda tashkil etilgan. G’arbdan Yangiqo’rg’on, Janub, Janubi sharqdan Uychi tumanlari, shimol va Sharqda Qirg’iziston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 0,36 ming kilometr kvadrat. Aholisi 143,9 ming kishi (2003). Tumanda 1 shahar (Chortoq), 9 qishloq fuqarolari yig’ini (Alixon, Bog’iston, Gulshan, Koroskon, Muchum, Oyqiron, Peshqo’rg’on, saroy, Hazratisho) bor. Markazi Chortoq shahri. Tabiati. Chortoq tumani Chatqol tizmasining Janub etaklarida joylashgan. Yer yuzasi tekislik va adirlardan iborat. Balandligi Janubdan shimolga 300 metrdan 1500 metrgacha. Foydali qazilmalardan neft, mahalliy ahamiyatga ega bo’lgan qurilish materiallaridan shag’al, ohaktosh, gil tuproqlari bor. Iqlimi kontinental; yozi issiq va quruq, qishi sovuq. O’rtacha temperatura yanvarda — 8 dan -4° gacha, iyulda 25— 26°. Eng past temperatura qishda -29°, yozda eng baland temperatura 40°. Yiliga 300-400 millimetr yog’in tushadi (ko’proq qishda va bahorda yog’adi). Vegetatsiya davri 175 kun. Tog’ adirlardan katta kichik soylar oqib tushadi. Ulardan ba’zilarida faqat yog’ingarchilik mavsumidagina suv oqib, yozda qurib qoladi. Eng yirik soylari: Chortoqsoy, Namangansoy (yuqori qismida Pochchaotasoy) va boshqa soylardan bahorgi yomg’irlarda kuchli sel keladi va xo’jalikka katta zarar yetkazadi. Ayrim soylarda selga qarshi selxonalar kurilgan. Soy suvlaridan sug’orishda keng foydalaniladi. Tumanning Janub qismidan kata Namangan (Chortoq), Janub chegarasidan Shimoliy Farg’ona kanallari o’tgan. Tuproqlari, asosan, tipik bo’z tuproqlar. Qishloq xo’jaligiga yaroqli yerlar o’zlashtirilgan. Tabiiy o’simliklar, asosan, adirlarda saqlangan: efemer o’tlar va butalar o’sadi. Adir o’simliklarini o’rganish va ularni boyitish bo’yicha O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Botanika institutining tajriba uchastkasi bor. Yovvoyi hayvonlardan tulki, yumronqoziq, toshbaqa, turli xil ilonlar, kaltakesaklar; qushlardan kaklik, ular va boshqalar uchraydi; suvlarida har xil baliqlar mavjud. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, qirg’iz, tatar, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 400 kishi. Qishloq aholisi 96,2 ming kishi, shahar aholisi 47,7 ming kishi. Xo’jaligi, asosan, qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan. Paxta tozalash, Chortoq mineral suv zavodlari, bosmaxona, tikuvchilik fabrikasi, avtokorxona, MTP, qurilish tashkilotlari, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari faoliyat ko’rsatadi. Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmog’i — paxtachilik. Sabzavotchilik, g’allachilik, meva yetishtirish ham rivojlangan. Shirkat va fermer xo’jaliklari bor. Ekin maydonlariga paxta, don, sabzavot, kartoshka va poliz ekinlari ekiladi. Mevazor va tokzorlar ko’p. Tumanda Markaziy kutubxona va uning tarmoqlari, klub muassasalari va madaniyat uylari, xalq teatri aholiga xizmat ko’rsatadi. Umumiy ta’lim maktablari, bolalar musiqa maktabi, Markaziy kasalxona, poliklinika, dorixonalar, feldsherakusherlik, qishloq vrachlik punktlari ishlab turibdi. “Paxtaliko’l”, “Chortoq” sanatoriylari faoliyat ko’rsatadi. Farg’ona vodiysi bo’ylab o’tkazilgan aylanma temir yo’l Chortoq shahridan o’tadi. Namangan— Chortoq—Nanay avtomobil yo’li respublika ahamiyatiga ega.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz