CHORTOQ



CHORTOQ — Namangan viloyati Chortoq tumanidagi shahar, tuman markazi. Temir yo’l stantsiyasi. Chortoqdan respublika ahamiyatidagi Namangan — Chortoq — Nanay avtomobil yo’li o’tgan. Namangan shahridan 19 kilometr shimolda, Chortoqsoy vodiysida. Aholisi 47,7 ming kishi (2003). Chortoqda paxta tozalash, mineral suv qadoqlash zavodlari, tikuvchilik fabrikasi, avtokorxona, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari, 10 dan ziyod umumiy ta’lim maktabi, madaniyat uyi, kutubxonalar, kasalxona, poliklinika, bosmaxona va boshqalar ishlab turibdi. Chortoqdan 7 kilometr shimoli sharqda 650 metr balandlikda, Chortoqsoy sohilida “Chortoq” sanatoriysi joylashgan. Chortoq mineral suvi 1953 yilda ochilgan. Bolalar sanatoriysi ham ishlab turibdi. Sanatoriyda 15 xildan ko’proq davolash usullari qo’llaniladi. Davolash kompleksiga fizioterapiya, iqlim bilan davolash, massaj, parhez ovqatlar va boshqalar kiradi. Iqlimi kontinental. Yozi issiq, quruq, qishi iliq, quyosh nuri ko’p. Yillik quyosh nuri Kavkaz va Qrim kurortlariga nisbatan ikki barobar ortiq tushadi (4800 soat, sochila 1980, Nalchikda 1710 soat). Quyoshning yuqori turishi natijasida bulutli kunlar kam bo’ladi va quyosh radiasiyasi 144,0 kkal/sm2 ga yetadi. Chortoqda yanvar, fevral oylaridagina temperatura 0°dan past bo’ladi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -1,4°, eng past temperatura -24°, iyulning o’rtacha temperaturasi 23°, eng yuqori temperatura 39°. Yiliga 277 millimetr yog’in tushadi. Bu sharoit sanatoriyda Aero va gelioterapiya usullarida davolash imkonini ham beradi. Hududi ko’kalamzorlashtirilgan, bog, mevazor va yong’oqzorlardan iborat.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz