Chorsu (meʼmoriy yodgorlik)
Chorsu — Shahrisabzda joylashgan meʼmoriy yodgorlik (1598—1602). Shaharning bosh savdo inshooti, murabba tarxli timning har toʻrt tomonida peshtoqli, qoʻsh tabaqa darvozasi bor. Toʻrt tomondan kelgan yoʻllar shu savdo timining oʻrtasidagi ulkan gumbaz tagida kesishadi. Uning ostida savdo doʻkonlari — toʻrtburchakli xonalar joylashgan. Bu xonalardan hozirgi kunda ham savdo inshooti sifatida foydalaniladi
.
Joylashuvi
Chorsu savdo gumbazi Shaharisabz shahrining shimoldan janubga hamda sharqdan g'arbga tomon harakatlanadigan ikkita eng asosiy va qadimiy ko'chalarining kesishish qismida joy olgan.
Tarixi
Chorsu savdo gumbazining qurilish tarixi borasida turfa qarashlar mavjud. Mahalliy rivoyatlarga koʻra, u XVIII asrning 80-yillarida Niyozbek tomonidan qurilgan deb aytilsa-da, ammo inshootning tuzilishi u davr meʼmorchiligiga xos emas. Meʼmorchilik tuzilishiga koʻra, savdo majmuasi XV asrning oxirgi choragi hamda XVI asrning birinchi choragida qurilgan boʻlishi ehtimoli katta. Ayrim boshqa manbalarga koʻra, qurilish ishlari 1598-yilda boshlanib, 1602-yilga qadar davom etganligi bayon etiladi. Inshoot XV asrga tegishli hammom oʻrniga qayta bunyod etilgan degan taxminlar ham mavjud.
Nomlanishi
„Chorsu“ soʻzining keng maʼnosi „toʻrt tomon“ deganidir. Shuningdek, chorsu forschadan tarjima qilinganda chor — „toʻrt“, su esa „bozor“, yaʼni toʻrt koʻcha yoki chorraha kesishuvida joylashgan bozor maʼnosini anglatadi.
Tuzilishi
Chorsu yopiq bozori 2 ta koʻchaning oʻzaro kesishish qismida, markazida gumbazi mavjud boʻlgan, sakkizburchakli maydon koʻrinishida bunyod etilgan. Maydon turli bezaklardan holi, ammo muhtasham meʼmorchilik naʼmunasi sifatida qurilgan.
Muhofazaga olinishi
Oʻzbekiston Respublikasi vazirlar mahkamasining 2019-yil 30-maydagi qaroriga koʻra, Shahrisabzda birinchi muzey-qoʻriqxona barpo etilgan. Uning qamroviga Shahrisabz shahrida joylashgan 7 ta tarixiy yodgorlik obyeklari kirilgan boʻlib, Chubin madrasasi, Shahrisabz shahrining tarixiy qal’asi, Maliki Ashtar masjidi, Kunchiqar masjidi, Chorsu savdo gumbazi shular sirasiga kiradi.
Chorsu savdo majmuasi Davlat yodgorliklarini saqlash roʻyxatiga kiritilgan. Shu bilan bir qatorda, Chorsu savdo gumbazi UNESCOning umuminsoniny qadriyatlar kitobidan ham joy egallagan
Adabiyotlar
Manbalar
uz.wikipedia.org