Choriyev Roʻzi Choriyevich
Choriyev Roʻzi Choriyevich (1931.28.8, Sherobod tumani, Poshxurd qishlogʻi — 2004.18.9, Toshkent) — rang-tasvir ustasi. Oʻzbekiston BA faxriy akademigi (1997). Oʻzbekiston xalq rassomi (1987). Benkov nomidagi respublika rassomlik bilim yurti (1959) va Repin nomidagi Leningrad rassomlik, haykaltaroshlik va meʼmorlik instituti (1965) ni tugatgan. 1966—73 yillar Toshkent pedagogika institutida dars bergan. 1990 - yildan Respublika bolalar ijodiyoti markazida badiiy rahbar.
Asarlari
Choriyev asarlarida oʻlka manzaralari, oʻtmishi va bugungi kuni, kishilarini yorqin boʻyoqlarda katta mahorat bilan aks ettirgan. Uning ijodi rang-tasvirga milliy ruh, urf-odatlar, zamondoshlar, mashhur namoyandalar obrazlari turkumini olib kirishi, qishloqlarda tasviriy sanʼat galereyalarini tashkil qilishi bilan alohida ahamiyatga ega. Portretlar ("Zamondoshim", "Doʻstim portreti", "Kelin. Shohi soʻzana", "Firʼavn. Erkak portreti", "Boysunlik qariya", "Poshxurdlik qiz Barno", "Sayroblik chol", "Qish. Avtoportret"), maishiy va tarixiy ("Suhbat", "Xumson oqshomi", "Oltintopgan koni", "Nay. Choʻpon bola", "Boysun", "Bahor. Sherobod manzarasi", "Bogʻlar" va boshqalar) va shahrik. mavzulardagi asarlari mashhur. Choriyev Oʻzbekiston tasviriy sanʼatini targʻib qilishda fidoyilik koʻrsatgan: uning tashabbusi va bevosita ishtirokida Respublika bolalar ijodiyoti markazi, viloyatlar (Surxondaryo va boshqalar)da tasviriy sanʼat muzeylari tashkil qilingan, yosh rassomlarga gʻamxoʻrlik koʻrsatgan. 1969 - yildan Xalqaro koʻrgazmalarda qatnashib kelgan. Yevropa (Italiya, Shvetsiya, Gretsiya va boshqalar), Osiyo, Afrika mamlakatlarida ijodiy safarda boʻlib, taassurotlari asosida qator asarlar yaratgan. U haqida "Koʻngil kamalagi yoki Roʻzi Choriyevni eslab..." filmi yaratilgan (2004). Choriyev asarlari respublika va xorijiy mamlakatlarning muzeylari va xususiy toʻplamlarida saqlanadi. "Chorvoq vodiysi", "Surxondaryo odamlari" asarlari turkumi uchun Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1983). "El-yurt hurmati" ordeni bilan mukofotlangan (1998).
Adabiyot
uz.wikipedia.org