CHOR BAKR ME’MORIY MAJMUASI



CHOR BAKR ME’MORIY MAJMUASI — Buxoroning Sumitan mavzeidagi me’moriy yodgorlik (16-19-asrlar). Shu yerda yashab o’tgan mashhur to’rt Shayx nomi bilan bog’liq. Shayxlar qabristoni oldiga Abdullaxon II tomonidan xonaqoh, masjid, madrasa va katta bog’dan iborat me’moriy majmua barpo etilgan (1559), keyingi asrlarda yana qo’shimcha binolar qurilib, atrofi bog’larga aylantirilgan. Xonaqoh gumbazli xona va peshtokdan iborat. Peshtoq bezagida koshinkori naqshlar va yirik kufiy yozuvlar, 2 yon kanotida guldastalar bor. Ichki bezagida ganchkorlik va qirma namunalari uchraydi. Madrasa peshtog’i kengroq, dahanasi uch ravoqqa bo’lingan. Kitobasi arabiy yozuvdan iborat. Darsxona to’rtburchak tarxli, gumbazli, burchaklari hujralarga tutash. Yon tarzlari qo’shqavat ravoklar qatorini takrorlaydi. Yozlik masjid maydon sahnining to’rida madrasa va xonaqoh orasida joylashgan. Peshtog’ining 2 qanoti qo’sh qavatli hujralardan iborat. Peshtoq oldidagi supa sahnidan Namozgoh sifatida foydalanilgan. Mo’jaz minora me’moriy majmua markazida joylashgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz