Choʻr




Choʻr , Chur — Turk xoqonligi boshqaruvidagi unvonlardan biri.

Qad. turk bitiktoshlari, xitoy, sugʻd, arab, fors manbalarida uchraydi. Ch. unvoni, asosan, xoqonlikning gʻarbiy qismidagi "Oʻn oʻq" boshqaruvi tarkibida besh dulu urugʻi va boshqa yirik turkiy urutlar boshliqlariga nisbatan qoʻllanilgan. Jumladan, ushbu unvon xitoy manbalarida chjo shaklida qayd qilinib, Gʻarbiy Turk xoqonligi boshqaruvida islohot oʻtkazilganligi va Yettisuvdagi Suyab daryosining sharqiy havzasida yashovchi dulu qabilasining beshta urugʻi boshliqlarining har biriga chjo (choʻr) unvoni berilgani aytib oʻtiladi. Ch. unvoni xoqonlik tarkibidagi boshqa oʻlkalar boshqaruvida ham ishlatilib, baʼzan kishi nomlari tarkibida qoʻllanilgani koʻzga tashlanadi. Tabariyning "Tarix arrasul valmuluk" (9-asr) baʼzi nusxalarida Fargʻona hukmdorining ismi Joʻr (Choʻr) tarzida uchraydi. Yaʼqubiyning "Kitab al-buldon" (9-asr) asarida Fargʻona hukmdorining avlodi tarzida kursatilgan Bilgachoʻr ismidan ham vodiyning boshqaruvida Ch. unvoni qoʻllanilganini payqash mumkin. Urxun bitiktoshlarida Koʻlchoʻr, Choʻrtegin, arab manbalarida Xarachur, Alpchur, Altuchur kabi turkiy lashkarboshilar ismi uchraydi.

Adabiyotlar






uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz