CHOPIQ



CHOPIQ, chopiq qilish — agrotexnika tadbirlaridan biri, ekinning qator orasi va ildiz atrofini 8-12 santimetr chuqurlikda yuza yumshatish bilan birgalikda o’simlik tupi atrofiga tuproq uyish; Chopiqning asosiy vazifasi — ekin qator oralaridagi begona o’tlarni yo’qotish, ildizning rivojlanishi uchun tuproqni yumshatib, qulay namlik va tuproq sharoitini yaratish. Chopiq natijasida pushta va egatlarda hosil bo’lgan ortiqcha namlik yo’qolib, tuproqqa havo o’tishi yaxshilanadi, tuproq yaxshi qiziydi, ildizlar yaxshi rivojlanadi, sug’orilganda ildizlar suvdan yaxshi bahra oladi. Qulay muddatlarda o’tkazilgan Chopiq dalani begona o’tlardan tozalaydi. Chopiqdan oldin qoida tarzida ekinlar sug’oriladi va 2-3 kundan keyin yer yetilishi bilan Chopiq o’tkaziladi. Kechikib o’tkazilgan Chopiqda esa tuproq qotib, sifatsiz ishlanadi, o’simlik ildizlari kesilib, tuplari yulinib ketadi, tuproq nami behuda sarflanadi. Makkajo’xori, tarvuz, qovun, bodring, pomidor, baqiajon va boshqa ekinlar hosildorligini oshirishda Chopiqning ahamiyati katta, chunki bu o’simliklar Chopiqdan keyin yangi ildizlar chiqarib avj olib o’sadi. Chopiqning samaradorligi, asosan, uni o’tkazish muddati va sifatiga bog’liq.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz