Chondjo Li San




Choson davlatining yigirma ikkinchi qiroli buyuk Chondjo Li San yoki Xyanun

(1752-yil 22-sentyabr, 1800-yil 28-iyun). Hukmronligi 1776-1800-yillar.

Kelib chiqishi.

Chondjo qirol Yondjoning nabirasi, shahzoda Sadoning o‘g‘li bo‘lgan. U 1752-yil 22-sentyabrda dunyoga kelgan. Uning onasi Xongyon xonim avtobiografik asarlar muallifi sifatida tarixda tanilgan. Xyongon uch qirol: Yondjo, Chondjo va Sundjo davri haqida qimmatli malumotlarni yozib qoldirgan. Chondjo hali yosh bo‘lgan paytlarida uning otasi valiaxd shahzoda Sadoni bir qator siyosatchilar bobosi Yondjoga yomon ko‘rsatib qatl etishiga erishgan edilar. Shundan so‘ng, uning to‘ng‘ich o‘g‘li Chondjo valiaxd etib tayinlangan. Valiaxdlik yillarida Chondjo taniqli siyosatchi Xon Kugyonga yaqin yurgan. Aynan Kugyon Chondjoga otasining o‘limidan keyin o‘zini tiklab olishiga yordam berdi, shuningdek, uni taxtga chiqishiga ham ruhan tayyorlagan. Biroq, ularning munosabatlari asta-sekin yomonlashib borgan va shahzodaning so‘zlariga ko‘ra, hokimiyatga juda chanqoq bo‘lgan Kugyonning faoliyati surgun bilan yakunlangan.

Ichki siyosat



Qirol Chondjo davrida ham Sukjon, Yondjo davridagidek Choson davlati yuksak taraqqiyotga erishdi. Uning tashabbusi bilan mamlakatda turli islohotlar amalga oshirilgan. Seulda qirollik kutubxonasi qurildi. Chondjo xalq oldida sulolaning nufuzini oshirib, boshqaruvda eski konservativ qarashli insonlarni yangi liberal shaxslar bilan almashtirgan. Bundan tashqari, Chondjo mamlakatda fan va madaniyat arboblarini qo‘llab-quvvatlagan. Bu ularning qirol hokimiyatiga bo‘lgan munosabatini yaxshilanishiga olib kelgan. 1785-yilda tangalarni qayta zarb qilishdagi xatoliklardan so‘ng, Chondjo qonunlar to‘plamini qayta ko‘rib chiqishga farmon berdi va yangisi yaratilib unga “Buyuk qonunlarning umumiy to‘plami“ deb nom berildi. Chondjo badnom bo‘lgan otasi Sado nomini qayta ulug‘lash uchun Suvon shahrida unga atab Xvason qal’asini qurdirgan. O‘zi ham hatto otasiga yaqin bo‘lish uchun saroyini qabristonga yaqin joyga ko‘chirtirgan. Ushbu qal’a hozirgi kunda YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Tashqi siyosat va vafoti



Tashqi siyosatda Chondjo Sin imperiyasi bilan yaxshi a’loqalarni saqlab qoldi. Va bir necha marotaba Sin saroyiga o‘z elchilarini yuborgan. Misol uchun 1795-yilda Chondjo o‘z elchilarini imperator Syanlun (Aysingaro Xunli) ning 60 yillik yubeliyaga sovg‘a-salomlar bilan jo‘natgan. Qirol Chondjo 1800-yilning 18-avgustida to‘satdan vafot etgan. Hozirgi kungacha uning qanday o‘lim topganligi aniqlanmagan. Buyuk qirol va uning rafiqasi o‘zi qurgan qal’adan uncha uzoq bo‘lmagan Xvasonda dafn etilgan. Chondjodan keyin Choson taxtiga uning noqonuniy o‘g‘li Sundjo keldi.

uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz