Cho'lpon (1897-1938)



O‘zbek adabiyotining yorqin namoyandalaridan biri Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon 1897 yilda Andijonning Qatorterak mahallasida savdogar oilasida dunyoga kelgan. Otasi Sulaymonqul Mulla Muhammad Yunus o‘g‘li (1874 — 1929) dastlab dehqonchilik, so‘ngra bazzozlik bilan shug‘ullangan. Taniqli jurnalist va yozuvchi Mo‘minjon Muhammadjonov «Turmush urinishlari» kitobida qayd etishicha, Cho‘lponning otasi Sulaymonqul o‘z davrining yetuk ziyolisi, ma’rifatparvar kishisi bo‘lgan. U «Rasvo» taxallusi bilan she’rlar ham yozgan, devon yaratgan.

Cho‘lpon avval eski maktabda, so‘ngra madrasalar va rus-tuzem maktabida tahsil olib, arab, fors va rus tillarini mukammal o‘zlashtiradi. Mutolaa yo‘li bilan esa turk, nemis va ingliz tillarini o‘rganadi. Sharq va G‘arb ijtimoiy-siyosiy qarashlaridan oziqlanadi. Firdavsiy, Sa’diy, Hofiz, Umar Hayyom, Alisher Navoiy kabi buyuk so‘z san’atkorlari ijodini mehr bilan o‘rganadi.

Cho‘lpon dunyoqarashi va ijodining shakllanishiga asr boshlaridagi demokratik inqiloblar hamda jadidchilik harakati katta ta’sir ko‘rsatgan.

Cho‘lponning ijodi 1913—1914 yillardan boshlangan bo‘lib, u avval «Qalandar», «Mirzaqalandar», «Andijonlik» va nihoyat «Cho‘lpon» (Tong yulduzi) taxallusi bilan ijod qildi. U ham shoir, ham nosir, ham dramaturg sifatida o‘z xalqi adabiyoti ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shadi. Cho‘lponning dastlabki asarlari «Sadoi Turkiston», «Sadoi Farg‘ona» kabi mahalliy gazetalarda, shuningdek, Orenburgda chiqadigan «Sho‘ro» jurnalida nashr etiladi. Cho‘lponning «Ishtirokiyun», «Qizil Bayroq», «Turkiston», «Buxoro axbori» kabi gazetalardagi faoliyati ham uning ijodiy shakllanishida maktab bo‘lib xizmat etadi.

Cho‘lpon ocherknavis va publitsist sifatida ham barakali ijod qildi. Bu borada ayniqsa, uning «Adabiyot nadir?», «Muhtaram yozuvchilarimizga» kabi maqolalari adabiyotning maqsad va vazifalarini anglashda muhim rol o‘ynadi. U 1914—1917 yillarda yaratgan «Qurboni jaholat», «Do‘xtir Muhammadiyor» singari hikoyalari, «Vatanimiz Turkistonda temir yo‘llar» singari maqolalarida madaniyat va ma’rifat targ‘ibotchisi sifatida maydonga chiqdi. U Oktyabr to‘ntarishidan keyingi 1920—1924 yillarda hayotda sodir bo‘layotgan xush va noxush o‘zgarishlarni qalamga oldi. «Yo‘lda bir kunduz», «Yo‘lda bir kecha», «Sharq poezdi keldi», «Sharq uyg‘ongan», «Quturgan mustamlakachilar», «Yo‘l esdaligi» singari o‘nlab ocherklari va publitsistik maqolalarida chorizm mustamlakachilari va mahalliy hokim sinf yetkazgan jabru jafolar yetmaganidek, fuqarolar urushi davrida ro‘y bergan fojealarni qoraladi.

Cho‘lpon 1922 — 1926 yillarda o‘zining «Uyg‘onish», (1922), «Buloqlar» (1923), «Tong sirlari» (1926), «Soz» (1935) kabi to‘rtta she’riy to‘plamini nashr ettirdi. 30-yillarga kelib, «Jo‘r» kabi she’riy to‘plamini tayyorladi. Ammo «Soz»i chop etiladi-yu, «Jo‘r» to‘plami qatag‘onlik tuzog‘iga ilinib, qolib ketadi. Shoirning to‘plamlari orasida «Buloqlar» (1923) alohida ajralib turadi. To‘plam besh bo‘limdan iborat bo‘lib, ular «Sharq uchun», «Sezgilar», «Sevgi», «Qora yo‘llar» va «Qor qo‘ynida» deb nomlanadi. Shoirning o‘zi qayd etishicha, mazkur she’riy guldasta «jahon fotihlari changalida ezilib yotqon Sharq o‘lkalariga» bag‘ishlangan.

Cho‘lpon 1925 yillarga kelib, «Muhit kuchli ekan, egdim bo‘ynimni» deya ijtimoiy qarashlarini o‘zgartirishga majbur bo‘lganligini e’tirof etadi. Ammo shunga qaramay, shoir yaratgan ikki yuzdan ortiq she’riy asarlar el-yurt baxti, kelajagi, mustaqilligi, ozodligi uchun kurashning yorqin solnomasi desa bo‘ladi.

Cho‘lpon yetuk lirik shoirgina emas, balki «Novvoy qiz», «Oydin kechalarda», «Qor qo‘ynida lola» kabi o‘nlab hikoyalar, «Kecha va kunduz» (1936) kabi ajoyib roman ham yaratgan iste’dodli adibdir.

U dramaturg sifatida ham salmoqli ijod qilgan. Uning «Halil farang», «Cho‘rining isyoni» kabi kichik pesalari, «O‘rtoq Qarshiboev», «Mushtumzo‘r» kabi dramalari hamda ko‘p vaqt sahnadan tushmagan «Yorqinoy» pesalari mashhur bo‘lgan. Shuningdek, rus yozuvchisi V. Yan bilan hamkorliqda «Hujum» dramasini yaratgan.

Cho‘lpon mohir tarjimon sifatida V. Shekspirning «Hamlet» fojeasini, A. S. Pushkinning «Dubrovskiy» qissasini va «Boris Godunov» kabi pesalarini, M. Gorkiyning «Ona» romanini va boshqa ko‘plab asarlarni o‘zbek tiliga o‘girgan.

Cho‘lpon ham Fitrat va Abdulla Qodiriylar kabi qatag‘onlik davrining qurboni bo‘lgan. U 1937 yilning 14 iyulida qamoqqa olinib, 1938 yilning 4 oktyabrida otib tashlangan.

Cho‘lponning asarlari uzoq vaqt tanaffusdan keyin 1991 yili «Yana oldim sozimni» nomi bilan nashr etildi.

Hozirgi kunda Cho‘lpon nomida nashriyot, ko‘cha, mahalla, kutubxona va maktablar bor.

Vafotidan so‘ng Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti (1991) va «Mustaqillik» ordeni (1999) berilgan.



Uzpedia.uz