CHOCH RAQSI



CHOCH RAQSI — milodiy 1-ming yillik o’rtalarida Xitoyda shuhrat qozongan raqs turi. Chjechji (Choch — Toshkent) nomi bilan atalgan. Choch raqsini, asosan, qiz-juvonlar ijro etgan. Raqsga avval bir kishi tushgan, ya’ni yakka o’yin hisoblangan. Milodiy 5-6 asrlarda esa, 5 kishi, keyingi asrlarda esa 24 kishi o’ynagan. Choch raqsi davra qilib, aylanib o’ynalgan, u milliy musiqa, maqom va xonanda ashulasi bilan ham qo’shib yuborilgan. Raqqosalardan biri davraning markazida o’ynab, o’yinni boshqarib borgan. U xuasin (“gulning markazi”) deb atalgan. Raqqosalar qimmatbaho matolardan tikilgan, dur va javohirlar, chyroyli kashta nusxalar bilan bezalgan liboslarda chiqishgan. Choch raqsi xitoyliklarni o’ziga maftun etgan. O’sha davrlarda yozilgan musiqa risolalarida bu o’yinga juda yuqori baho berilgan. Masalan, Chyan Yan o’zining “musiqa kitobi” asarida “Xitoyliklar chjechji raqsini ijro etishda xuslar (xorijiylar) bilan tenglasha olmaydilar”, deb yozgan. Xitoy shoirlari Choch raqsining maftuni bo’lib, unga bag’ishlab 29 ta she’r va qasidalar yozganlar. Ad,: Shoniyozov K., Qang’ davlati va qang’lilar, T., 1990. Muham madjonov A., Qadimgi Toshkent, T., 2002.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz