CHIZMACHILIK



CHIZMACHILIK — ob’yektlar (turli mashinalar, mexanizmlar, binolar, inshootlar va boshqalar) ning chizmalarini, sxemalar, xaritalar va grafiklarni chizishga, turli buyumlarning tasvirlarini yasashga oid qonun-qoidalar va usullarni o’z ichiga olgan texnika fani; chizmalar, loyihalarni chizish bilan shug’ullanish. Chizmachilikning asosini geometriya, chizma geometriya fanlari tashkil etadi. Vazifasi — chizmachilik asboblaridan foydalanib turli buyumlarning tasvirlarini, loyihalar va eskizlarini chizishga, chizilgan chizmalarni o’qishga, aksonometriya yasashga o’rganish. Chizmachilikning mazmuni va hajmi uning fan va texnikaning qaysi sohasi uchun mo’ljallanganligiga qarab aniklanadi. Chizmachilik fanining bo’limlari: geometrik Chizmachilik; proektsion Chizmachilik; mashinasozlik Chizmachiliki, qurilish Chizmachiliki va boshqalar. Geometrik Chizmachilikda chizmachilik asboblari, chizmalarni rasmiylashtirish, geometrik yasashlar, tutashmalar va egri chiziqlar o’rganiladi. Proektsion Chizmachilikda nuqta, to’g’ri chiziq, tekis shakllar, geometric jismlarning tasvirlarini yasash va ularning o’zaro vaziyatiga oid masalalar, aksonometrik tasvirlar va boshqalar ko’riladi. Mashinasozlik Chizmachilikida chizmalarning turlari, ko’rinishlar, qirqimlar, kesimlar, rezbalar va boshqalar, qurilish Chizmachiligida esa bino qismlari, sanitariya texnikasi buyumlarining shartli belgilari hamda bino va inshootlarning chizmalari o’rganiladi. Chizmalar (sxemalar, xaritalar va grafiklar) ni chizish bilan shug’ullanuvchi kishilar chizmakashlar deb ataladi. Turli sohalarning muhandislari, konstruktorlari va loyihachilari chizmakashlikni bilishlari shart.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz