CHIYABO’RI, shaqal (Canis aureus) — yirtqichlar turkumining itsimonlar oilasiga mansub sut emizuvchi hayvon. Tanasi 71-85 santimetr, dumi 20-36 santimetr, og’irligi 7-13 kilogramm. Qishda yungi xira sarg’ish, kulrang (yelkasida qora aralash), yozda malla rangda, qorasi kam. Dumi mallaqo’ng’ir, uchi qora. Chiyabo’ri daryo va ko’l qirg’oqlaridagi to’qay, butazorlarda inda yashaydi; boshqa hayvonlar inidan, tabiiy chuqurchalardan foydalanadi (ba’zan o’zi uya qaziydi). Mart—mayda 4-9 ta bola tug’adi. Hammaxo’r, har xil hayvon hamda o’simlik mahsulotlari, o’limtiklar va boshqalar bilan oziqlanadi. Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo, Janubi-sharqiy Yevropa, Bolqon yarim oroli va Arabistonda tarqalgan. Kavkaz, O’rta Osiyo, ba’zan Moldaviyada ham uchraydi. Aholi yashaydigan punktlarga yaqin joylardagi Chiyabo’rilar o’limtiklar bilan oziqlanib, ba’zi yuqumli kasallik qo’zg’atuvchilarini tarqatadi va parrandalarni eb ziyon keltiradi. Mo’ynasi sifatsiz.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Loyiha rivoji uchun hayriya qiling: 9860 3501 4465 8134. @Shaka_rj Maqsad sun'iy intellekt javoblarini ko'paytirish