CHITA VILOYATI



CHITA VILOYATI — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. 1937 yil 26 sentabrda tashkil qilingan. Baykalortida joylashgan. Chita viloyati Aga Buryapglari muxtor okrugini o’z ichiga oladi. Maydoni 431,5 ming kilometr kvadrat. Aholisi 1156,2 ming kishi (2002), asosan, rus, buryatlar, shuningdek, ukrain, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Shahar aholisi 64%. 31 ma’muriy tuman, 10 shahar, 45 shaharcha bor. Ma’muriy markazi — Chita shahri. Boshqa yirik shaharlari: Krasnokamensk, Borzya. Relefida o’rtacha balandlikdagi tog’lar (balandligi 3072 metr) va ularni bo’lib turgan soylik ko’p. Shimolda tog’lar 3072 metrgacha ko’tarilgan (kodar tizmasi). Janubda keng Ononbo’yi tekisligi bor. Foydali qazilmalari: qalay, oltin, polimetallar, mis, molibden, volfram, temir rudalari, toshko’mir va qo’ng’ir kumir, magnezit va boshqa konlar mavjud. Iqlimi keskin kontinental. Qishi quyoshli, quruq va sovuq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -26°, -33°. Yozi iliq, qisqa. Iyulning o’rtacha temperaturasi 17-21°. Yiliga 240-400 millimetr yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 120-160 kun. Muzloq yer ko’p. Asosiy daryolari: Shilka va Argun (Amur irmoqlari), xilok va Chikoy (Selenga irmoqlari), Olyokma va Vitim (Lena irmoqdari). Yirik ko’llari: Katta Leprindo, Leprindokan, Nichatka, Chita ko’llari guruhi, Kenon, Zun Torey, Barun Torey. Mineral suvlar bor. Chita viloyati o’rta tayga va dasht zonasida joylashgan. Tuproqlari, asosan, tog’tayga, podzol; dashtlarda qoratuproq va kashtan tuproq; tog’lararo soyliklarda o’tloq muzloq va o’tloq qora tuproq. Hududining 50% dan ziyodini tog’ tayga o’rmonlari (Dauriya tilog’ochi, qarag’ay, kedr, qayin) egallaydi. Janubda va soyliklarda turli xil o’tli dashtlar bor. O’rmonlarda sobol, kolonok, tiyin, qo’ng’ir ayiq, silovsin, shim. bug’usi, izyubr va boshqalar, o’rmonli dasht va dasht rayonlarda bo’rsiq, bo’ri, olasichqon, quyon, yumronqoziq va boshqalar yashaydi. Qushlardan karkur, kaklik, turna va boshqalar mavjud. Daryolarda baliqning noyob turlari (Omul, osetr, taymen, sig va boshqalar) bor. Viloyat hududida Dauriya va Soxonda qo’riqxonalari joylashgan. Sanoatining asosiy tarmoqlari: konchilik (oltin, molibden, qalay, qo’rg’oshinrux, polimetall, ko’mir qazib olish), qora metallurgiya, mashinasozlik (yog’ochsozlik stanoklari, kemasozlik zavodlari). O’rmon va yog’ochsozlik, yengil, oziq-ovqat sanoati korxonalari, issiqlik elektr stansiyasi ishlab turibdi. Asosiy sanoat markazlari: Chita, Petrovsk Zabaykalskiy, Krasnokamensk, Baley, Borzya. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmoqlari — chorvachilik (mayin junli va yarim mayin junli qo’ychilik, qoramolchilik), shimolda bug’uchilik va mo’ynachilik. Donli ekinlar (bug’doy, suli, arpa), kartoshka, sabzavot va boshqalar ekiladi. Temir yo’llar (Transsibir temir yo’l magistrali), avtomobil transporti rivojlangan. Chitala xalqaro aeroport bor. Shilka daryosida kema qatnaydi. Bir nechta o’rta maxsus bilim yurti, 3 oliy o’quv yurti, ilmiy tadqiqot institutlari, 4 muzey, 2 teatr faoliyat ko’rsatadi. 30 dan ziyod kurort va dam olish muassasalari ishlab turibdi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz