CHIRILDOQLAR
CHIRILDOQLAR (Gryllidae) to’g’riqanotlilar turkumiga mansub hasharotlar oilasi. Tropik va mo”tadil mintaqalarda 2 mingdan ortiq turi ma’lum. Sernam o’tloq yerlarda, poliz va sabzavot ekinzorlarida, xonadonlarda yashaydi. O’rta Osiyoning sug’orma dehqonchilik mintaqalarida ko’pincha dasht chirildog’i (Acheta deserta Pall.) uchraydi. Erkagining tana uzunligi 10— 16 millimetr, urg’ochisiniki 12-20 millimetr, qora; tanasi mayda kulrang tuklar bilan qoplangan. Orqa oyoqlari sakrovchi. Ustqanoti qornining uchigacha yetadi. Erkagi ustqanotlarini bir-biriga ishqalab chirillagan tovush chiqaradi. Eshitish organi oldingi boldirida. Qornining uchida uzun o’simtalari bor. Tuproq yoriqlari, toshlar tagi yoki uyalarda, ba’zilari uylarda (uy chirildog’i yoki qora chigirtka) yashaydi. Tuproqning yuza qatlamida katta (beshinchi) yoshdagi lichinkalari qishlaydi. Aprel-may oylarida lichinkalar pust tashlab, voyaga yetgan hasharotga aylanadi. Qanotlari shakllanib bo’lganidan keyin, bir oy o’tgach Chirildoqlar kichikroq gala bo’lib, tuproq yoriqlariga tuxum qo’yadi. 15-20 kunda tuxumdan lichinkalar chiqadi. Yiliga bir marta avlod beradi. Ekinlarni zararlaydi, ba’zan ko’chat qalinligining kamayishiga sabab bo’lishi mumkin. Vertun chirildog’i (Oecanthus turanicus Uv.) lalmi ekinzorlarni va ularga yakin joylashgan g’o’za, beda, yosh toklarni zararlaydi. Kurash choralari: zaharli xo’rak va o’simliklarga insektisidlar sepish, begona o’tlarga qarshi kurash, tuproqqa yaxshi ishlov berish va boshqalar. Sulton Alimuhamedov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz