CHIRCHIQ VODIYSI
CHIRCHIQ VODIYSI – G’arbiy Tyanshandagi vodiy, Toshkent viloyati hududida. Chorvoq suv ombori qurilgandan keyin Chirchiq vodiysining yuqori qismi suv ostida qolib ketgan. Vodiy shimol G’arb va shimolda Qorjontov va Ugom tizmalari, shimoliy Sharq va sharqda Talas Olatovi, Janubi Sharqda esa Chatqol tizmasi bilan o’ralgan. Janub va Janubiy g’arbiy qismlari tekislikka tutashgan. Uzunligi Alizar ko’tarilmasidan (Janubiy G’arb tomon) Sirdaryogacha 135 kilometr. Kengligi vodiy toraygan joylarda 80-100 metr, o’rta qismida 35-40 kilometrgacha. Vodiyning eng tor joyi (Chorvoq qisig’i yoki Chorvoq darvozasi) ga to’gon, suv ombori qurilgan. Chirchiq daryosining quyi oqimi tomon terrasa (ko’hna qayir) pog’onalari pasayib boradi va daryo vodiysining chegaralarini aniq payqash qiyin. Piskom va Chatqol daryolari qo’shilgan joydan Chirchiq shahrigacha bo’lgan hudud Chirchiq botig’idan iborat. Paleogen davrida Chirchiq vodiysi o’rnida dengiz bo’lgan. Chirchiq daryosining bir necha terrasalari buni isbotlaydi. Ushbu hududda tektonik harakatlar davom etmoqda. Yer yuzasidaga yangi tektonik harakatlar differentsial xarakterga ega. Tektonik jihatdan Chirchiq vodiysi grabensinklinal, yon-atrofdagi tizmalar gorst antiklinaldir. Ular gersin burmalanishi davrida shakllangan. Neogen to’rtlamchi davr yangi tektonik harakatlar ta’sirida hozirgi ko’rinishini olgan. Vodiy hududida bo’r, paleogen, neogen va to’rtlamchi davr yotqiziqlari (konglomerat, qum aralash shag’al toshlar, lyosslar) keng tarqalgan. Chirchiq vodiysining iqlimi kontinental, yozi issiq, qishi mo’tadil. Yillik o’rtacha temperatura 11,6°-13,8°, yanvarning o’rtacha temperaturasi —2 dan — 2,9° gacha. Eng past temperatura -29°, -33° dekabr — yanvar oylarida kuzatiladi. Iyulning o’rtacha temperaturasi 23,9—26,8°, yoz faslining ba’zi kunlari temperatura 44° gacha ko’tariladi. Yillik yog’in vodiyning Janubiy g’arbiy qismida 300 millimetr, o’rta qismida esa 1000 millimetrdan ziyod. Tog’larda ko’proq qor, vodiyning o’zida yomg’ir va qor yog’adi. G’azalkent va Chirchiq shaharlari atroflarida yillik yog’inning 35-40% bahor oylariga to’g’ri keladi. Asosiy daryolari — Chirchiq va uning irmoqlari: Ugom, Oqsoqotasoy va boshqalar, vaqtincha oqar soy ham ko’p. Tog’yon bag’irlarida suvning yemirish faoliyati kuchli, bahor va yoz boshlarida sel keladi, surilmalar sodir bo’ladi. Chirchiq vodiysida asosan, bo’z tuproqlar tarqalgan. Tog’ tizmalariga yaqin qismlarida qo’ng’ir, daryo bo’ylarida o’tloq, ekinlar ekiladigan erlarda agroirrigatsion tuproqlar mavjud. Bu tuproqlarda o’simliklardan bug’doyiq, qo’ng’irbosh, qorabosh, yong’oq, do’lana, betaga, tol, terak va boshqalar o’sadi. Vodiyning tekislik qismlarini, asosan, madaniy landshaftlar egallagan. Paxta, beda, g’alla, sabzavot va boshqa ekinlar ekiladi. Bog’dorchilik va tokchilik rivojlangan. Yovvoyi hayvonlardan tog’ echkisi, bo’ri, tulki, sug’ur, yumronqoziq, turli xil qushlar, sudralib yuruvchilardan ilonlar va boshqalar; suvlarda baliqlar bor. Chirchiq vodiysi aholisi zich hudud bo’lib, unda Toshkent, shuningdek, Chirchiq, Yangiyo’l, Bektemir, G’azalkent, Chinoz kabi shaharlar joylashgan. Chirchiq vodiysi mamlakatning iqtisodiyoti rivojlangan rnlaridan. Tog’li qismlarida sanatoriy va dam olish zonalari mavjud. Murod Mamatqulov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz