Chinobod sanatoriysi
"CHINOBOD" SANATORIYSI - ovqat hazm qilish aʼzolari (meʼda, ichak, jigar va oʻt pufagi) kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan tibbiy sogʻlomlashtirish maskani. Toshkentning Yunusobod tumanida joylashgan. Sanatoriy hududi 1938-yilda paxta tozalash zdlari ishchilarining dam olish zonasi boʻlgan, 1941-yil evakuatsiya qilingan gospital joylashtirilgan, 1946-yil sanatoriyga (75 oʻrinli) aylantirilgan. "CH." s.ning hozirgi maydoni 19 ga, atrofi mevali va manzarali daraxtlar bilan koʻkalamzorlashtirilgan. 1963-yil sanatoriy hududida 1554 m chuqurliqsan burgʻi qudugʻi orqali Toshkent mineral suvi chiqarilgan. Sanatoriy 370 oʻrinli, unda davolash va diagnostika boʻlimlari, jumladan, shifobaxsh mineral suv, balchiq, ozokerit va elektr bilan davolash boʻlimlari, badan tarbiya zali, aerosolyariy, ingalyatoriy, rentgen, rektoromonoskopiya, stomatologiya xonalari, biokimyo, bakteriologiya va klinik lablari bor. Mineral suvdan asosan vannalar uchun, ichish, ichaklarni chayish, tyubaj, dush, suv osti massaji qilishda foydalaniladi. "CH."s. meʼda va 12 barmoq ichakni tekshiradigan zamonaviy tibbiy tekshiruv asboblari bilan jihozlangan. 1997—98 yildan sanatoriyning davolash ixtisosligi kengaytirildi: qandli diabet, ginekologiya, urologiya, andrologiya boʻlimlari faoliyat koʻrsata boshladi. 1999-yildan fol akupunktura diagnostikasi joriy etiddi, bunda biologik faol nuqtalar (BFN) va kompyuter yordamida aniq tashxis qoʻyiladi.
Bemorlarga tabiiy mineral suvdan tashqari, doridarmonlar, shifobaxsh giyohlardan tayyorlangan damlamalar, parhez ovqatlar va boshqa beriladi. Yiliga 6000 kishi davolanadi (2004).
Sanatoriyda 370 oʻringa moʻljallangan yotoq korpuslari (bir va ikki oʻrinli), 2 ta oilaviy kottej, klub, kutubxona, sport maydonchalari bor. "CH."s.da bekamu kust davolanish, marokli dam olish uchun barcha qulayliklar va orombaxsh mikroiqlim mavjud.
2001-yildan "CH."s. ochiq aksiyadorlik jamiyati (OAJ)ga aylantirildi.
uz.wikipedia.org