CHIMQO’RG’ON SUV OMBORI
CHIMQO’RG’ON SUV OMBORI – Qashqadaryoning o’rta oqimida qurilgan gidrotexnika inshooti. Qashqadaryo viloyati hududida, Qarshi shahridan 60 kilometr Sharqda. Chimqo’rg’on suv ombori qurilishi 1958 yilda boshlangan. 1960 yildan doimiy foydalanishga topshirildi. To’la sig’imi 500 million metr kub, foydali sig’imi 450 million metr kub. Suvi yuzasi sathi 49,2 kilometr kvadrat, suv ombori o’zan tipida. Uzunligi 17,5 kilometr, maksimal chuqurligi 30 metr, o’rtacha chuqurligi 17,2 metr. Qashqadaryo oqimini mavsumiy tartibga solish uchun mo’ljallangan. Qashqadaryo viloyatining Qamashi, qarshi, G’uzor va Koson tumanlaridagi 188 ming gektar yerni sug’oradi. Chimqo’rg’on suv ombori tarkibiga tuproqli to’g’on, minorali suv chiqargich, quyi befda joylashgan chap sohil (27 m3/s) va o’ng sohil (22 m3/s) bosh taqsimlagichlari kiradi. To’g’on balandligi 33 metr. Minorali suv chiqargich sug’orish uchun suv berish va ayni vaqtda ortiqcha suvni chiqarib tashlash uchun mo’ljallangan (suv o’tkazish imkoniyati 350 m3/s).
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz