CHIMBOY QO’ZG’OLONLARI
CHIMBOY QO’ZG’OLONLARI – Qoraqalpog’istonda sovet hokimiyatiga qarshi 1919-20, 1929 yillarda ko’tarilgan xalq qo’zg’olonlari. Birinchi Chimboy qo’zg’oloni (1919— 20) ga eshonzoda Xon Maxsum (Ubaydulla Otaullayevich Bohauatdinov; 1887— 1956) va Qo’ng’irotning sobiq begi Qutlimurot biy (u bola biy nomi bilan mashhur bo’lgan) rahbarlik qilishgan. Qo’zg’olonchilar 40 ming kishi Chimboy va Mo’ynoq tumanlarini bolsheviklardan ozod qilib (1919 yil 17 avgust), Nukusni ishg’ol qilishgan. Junaidxon 60 kishilik qurolli guruhni harbiy yordamga jo’natgan. Amudaryo bo’limining shimol tumanlarida ham bolsheviklar xukumati ag’darilib, xalq hokimiyati o’rnatilgan. M. Filchev (urallik kazak) boshchiligida Chimboyda tuzilgan xalq hukumati tarkibiga nufuzli qoraqalpoqlardan Xon Maxsum, Bola biy, I. Odilov, I. Niyozov, S. Pirnazarov va Ural kazaklari kiritilgan. Keyinchalik Turkiston komissiyasi maxsus vakili G. Skalov bilan qo’zg’olon rahbarlari o’rtasida sulh bitimi imzolanib, sovet hukumati qo’zg’olonchilarga amnistiya e’lon qilgan (1920 yil 18 Fevral). Biroq oradan ko’p o’tmay bolsheviklar qo’zg’olon rahbarlari — Xon Maxsum va boshqalar (jami 24 kishi) ni hibsga olishgan (1921 yil Fevral) hamda Semipalatinsk va Tomsk viloyatlariga surgun qilishgan. Yirik yer egalari va savdogarlar (75 kishi) dan katta miqdorda tovon puli undirilgan. Sovet xrkimiyati qo’zg’olon qatnashchilarining ko’pchiligini qatag’on qilgan. Ikkinchi Chimboy qo’zg’oloni (Taxtako’pir voqealari; 1929) Qoraqalpog’iston avtonom viloyati (bu paytda u Qozog’iston ASSR tarkibida edi) da 1929 yil qishloq xo’jaligini jamoalashtirish va aholidan katta miqdorda soliq va turli yig’inlar undirishiga qarshi ko’tarilgan. Sovet hokimiyatidan norozi kuchlar 1929 yil iyul — sentabrda Chimboyda yashirin kengashlar o’tkazib, qo’zg’olon rejasini tuzishgan. 1929 yil 26 sentabrdagi kengashda xalq hukumati tashkil etilib, Abdujalil Maxsum Ismatullayev (1879— 1930; viloyat sudi raisining sobiq boshlig’i) — hukumat boshlig’i (xon), Karimberdi Oxun Nurullayev — Adliya vaziri (qozikalon), Borliqboy Nurumov (sobiq bo’lis boshlig’i; urug’ rahbari) — harbiy vazir lavozimiga saylanishgan. Qurolli guruh tuzilib, qo’zg’olonga puxta hozirlik ko’rilgan. Qo’zg’olon 1929 yil 27 sentabrda Taxtako’pirda boshlangan. Karimberdi Oxun boshchiligidagi qo’zg’olonchilar (200 kishidan ortiq) Taxtako’pirda sovet hokimiyatini ag’darib tashlashgan. 1929 yil 28 sentabrda VKP(b) Qoraqalpog’iston viloyat komiteti Chimboy va Taxtako’pirdagi voqealar munosabati bilan poytaxt To’rtko’lda favqulodda holat e’lon qilgan. Taxtako’pirga harbiy jazo otryadi yuborilgan. Viloyat rahbarlari P. Varlamov va K. Ollaberganov VKP(b) MK O’rta Osiyo byurosidan shoshilinch harbiy yordam so’rashgan. Qo’zg’olonchilar Xorazm va Toshhovuz okruglarida bolsheviklarga qarshi kurashayotgan milliy kuchlar (Junaidxon va b.) bilan aloqalar o’rnatishgan. Qo’zg’olon Qoraqalpog’istonning boshqa hududlariga ham keng tarqalgan. Unda hatto ayollar faol qatnashgan. Qo’zg’olon Toshkent, Qizilo’rda, Moskvadagi sovet rejimi rahbarlarini jiddiy tashvishga solgan. VKP(b) MK Xorazm vohasiga Grichmanov boshchiligida maxsus harbiy otryad jo’natgan. O’rta Osiyo harbiy okrugining 84 otliq polki xam qo’zg’olonni bostirish uchun safarbar qilingan. OGPUning viloyat bo’limi harbiy jazo operatsiyalari vaqtida qo’zg’olon rahbarlari va ishtirokchilaridan Xo’jaylida (74 kishi), Qo’ng’irotda (64 kishi), Taxtako’pirda (44 kishi) va boshqalar hibsga olingan. Surgundan qaytgan Xon Maxsum ham qamoqqa tashlangan. 1929 yil dekabrda bo’lgan Qozog’iston ASSR Oliy sudining sayyor sessiyasida 16 kishi otishga hukm qilingan, 26 kishi turli muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Bundan tashqari “Chimboy aksilinqilobiy tashkiloti”ning 36 a’zosi (K. Nurullayev, T. Saparov, A. Sodiqov va boshqalar) maxsus “uchlik” qarori bilan otishga, 13 kishi konslagerlarga yuborishga hukm qilingan. Qo’zg’olonchilarning oila a’zolari ham qamoqqa olingan va surgun qilingan. Ad.: Allaniyozov T.K., “Kontrrevolyusiya” v Kazaxstane: Chimbayskiy variant, Almati, 1999; O’zbekistonning yangi tarixi, 2-kitob [O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Istoriya Uzbekistana (19171991 gg.), T.,2002; Abdullayeva Ya., Qoraqalpog’iston xotin-qizlari: kecha va bugun. XIX asrning oxiri va XX asr, T., 2004. Qahramon Rajabov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz