CHILLA DAVRI
CHILLA DAVRI — tug’ruqdan (yo’ldosh tushgandan boshlab) keyingi 6 — 8 haftagacha bo’lgan davr. Tug’ruqdan keyingi birinchi soatlar (1 sutkagacha) esa ilk chilla davri hisoblanadi. Bu muddatda ko’p qon ketish holatlari kuzatiladi, shu sababli alohida e’tibor va kuzatuv talab etiladi. Xalq tabobatida Chilla davri 40 kun hisoblanib, shundan 20 kuni kichik chilla, 20 kuni katta chilla deyiladi. Tug’ruqdan so’ng ayol organizmining asli holiga qaytishi, chaqaloqning ona suti bilan oziqlanishini, normal o’sishini ta’minlash maqsadida O’zbekistonda ko’zi yorigan ayolga Chilla davri uchun jami 106 kun (tug’ruqdan oldin va tug’ruqdan keyin) dekret otpuskasi belgilangan, keyinchalik bola 2 yoshga kirguncha nafaqa to’lash, ayolning xohishiga ko’ra bola 3 yoshga to’lgunicha ish joyi saqlangan holda bepul otpuska berish qonunlashtirilgan. Chilla davrida homiladorlik, tug’ruq davrida ayol organizmi (a’zo va sistemalari) da sodir bo’lgan fiziologik o’zgarishlar asliga qaytadi (involyutsiya). Chilla davrining 1—2-kuni bachadon tubi kindik ro’parasida (qovdan 12 santimetr yuqorida) turadi. Chilla davrining 10-12 kuni davomida bachadon qisqarib, tubi odatdagicha qov suyagi ortiga o’tadi. Chilla davrining dastlabki kunlari bachadon og’irligi 1000 gramm bo’lsa, 8 hafta oxirigacha kamayib, 50-60 grammga tushadi. Bachadon bo’ynining ichki teshigi tug’ruqdan keyin, tashqi teshigi 3-haftada berkiladi. Bachadon qisqarayotgan davrida shilliq qavati ham tiklanib, asta-sekin bachadon ichki yuzasini qoplab boradi. Chilla davrining 3-haftasiga kelib, bachadonning epiteliy qavati to’la tiklanadi. Bu jarayon tugallangunga qadar tug’ruq vaqtida bachadon ichki yuzasida hosil bo’lgan jarohatlardan Chilla davriga xos ajralma — lohiyalar kelib turadi. Lohiyalar Chilla davrining 3—4-kuni qonli, qip-qizil bo’lib, keyin rangsizlanadi va kamayadi, 5-6 haftaga borib to’xtaydi. Chilla davrida qin (diloq) tonusi tiklanadi, tashqi jinsiy a’zolar, qin va bachadon bo’ynining chaqalangan, yirtilgan, shilingan jarohatlari bitadi. Bachadonning cho’zilgan boylamlari sekinasta kaltalashib, bachadon naylari va tuxumdonlar odatdagi holiga keladi. Chilla davrining 2—3-kuni sut bezlaridan sut (tug’ruqning 15—18-kunigacha og’iz suti, keyin odatdagi sut) ajrala boshlaydi. Normal o’tayotgan Chilla davrida chillali ayolning umumiy ahvoli yaxshi: pulsi tekis, to’la, ba’zan siyrak (fiziologik bradikardiya), arterial bosimi va gavda temperaturasi normal yoki shunga yaqin (goho yangi bo’shangan ayol temperaturasi bir oz ko’tarilishi ham mumkin) bo’ladi. Chilla davrida tashki jinsiy a’zolar va sut bezlarini har kuni tozalab turish, aseptika, antiseptika qoidalariga qat’iy rioya qilish zarur. Chunki ayol jinsiy yo’llaridagi tug’ruq jarohatlari, ko’krak so’rg’ichidagi yoriqlar orqali organizmga infektsiya kirishi va chilladagi septik kasalliklar rivojlanishi mumkin. Chilla davrida sog’lom ayollarga tug’ruqning 2-kunidanoq organizmni baquvvatlash, bachadon qisqarishini tezlashtirish maqsadida maxsus gimnastika mashg’ulotlari kompleksi belgilanadi. Chilla davrining 1—2-kuni sog’lom ayolga engil hazm bo’ladigan ovqatlar (sut, manniy bo’tqasi, qaymoq, qandli choy, kofe), 3-kundan boshlab odatdagi kaloriyali servitamin ovqatlar tavsiya qilinadi. Chilla davrida ayol achchiq, sho’r, o’tkir dorivorli va badhazm taomlar iste’mol qilmasligi, spirtli ichimlik ichmasligi kerak. Normal kechayotgan Chilla davrining 4-5 kuni tuqqan ayol tug’ruqxonadan chiqariladi. Gavda temperaturasi yuqori, shamollagan, yiringli teri kasalligi va boshqa infektsion kasalligi bor ayollar tug’ruqxonaning maxsus bo’limiga yotqiziladi. Ad.: Bodyajina V.I., Akusherlik (Darslik), T., 1971.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz