“CHIG’ATOY GURUNGI”



“CHIG’ATOY GURUNGI” – Turkiston jadidlari tomonidan tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy va ilmiy-adabiy tashkilot (1919-21). Fitrrat boshchiligida Toshkentda tuzilgan. Turkiston muxtoriyati hukumatining ag’darilishi va Kolesov voqeasi (1918 yil Fevral—mart) dan keyin asosan Toshkentda faoliyat ko’rsatayotgan jadidlar taktik maqsadlarni ko’zlab, sovet hokimiyati bilan yaqinlashishga majbur bo’ldilar. Fitrat sovet hokimiyatidan siyosiy tashkilot tuzish uchun ruxsat ololmagach, madaniy qurilishga xizmat qiladigan millatparvar tashkilot tuzishga intilgan. Turkiston ASSR milliy ishlar xalq komissarligi tomonidan “siyosatga aralashmaslik sharti bilan “Chig’atoy gurungi” tuzilishiga rasmiy ruxsat berilgan. Ushbu tashkilot nomlanishi 13-14 asrlarda mavjud bo’lgan Chig’atoy ulusi va 14-16-asrlarda eski o’zbek tili ma’nosida qo’llangan Chig’atoy tili kabi atamalar va istilohlar bilan bog’liqdir. Fitrat tashkilotga nom tanlashda Turkiston hududida yashagan turkiy xalqlarga daxldor merosni o’rganishga e’tibor qaratgan. “Chig’atoy gurungi” turkiy xalqlar madaniyati, san’ati, adabiyoti, tarixi, til va imlosi kabi sohalarni jiddiy o’rganishga kirishgan. “Gurung” a’zolari o’zbek tilining sofligi uchun kurashish bilan bir qatorda yangi o’zbek milliy madaniyatini barpo etishga intilganlar. O’sha davrda mavjud bo’lgan “Temur”, “Turon”, “Turon to’dasi”, “Turk kuchi”, “Izchi” kabi to’dalar va uyushmalarga nisbatan “Chig’atoy gurungi” samarali faoliyat ko’rsatgan. “Chig’atoy gurungi” nizomida yozilishicha, u bir nechta shu’balardan iborat bo’lgan. Bu shu’balar “til va imlo to’dasi”, “adabiyot to’dasi”, “san’at va teatr to’dasi” va boshqalar deb nomlangan. “Til va imlo to’dasi”ga dastlab Cho’lpon, so’ngra Elbek rahbarlik qilgan. Fitratning “tilimiz” (1919) maqolasida ushbu to’daning dasturiy yo’nalishi belgilab berilgan bo’lib, Ashurali zohiriy, Elbek, Shorasul Zunnun, Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon, G’ozi Olim Yunusov kabi olimlarning tilshunoslikka oid ishlari ushbu dasturga binoan bajarilgan. “Gurungchilar” tomonidan 1919 yilda Arab alifbosini isloh qilgan hodda yangi alifbo yaratilgan. Til va imlo qurultoyi (1921 yil yanvar) bevosita “Chig’atoy gurungi” tashkilotchiligida o’tgan. “Chig’atoy gurungi” tarix sohasidagi ishni manbashunoslikdan boshlagan. Turkiston o’lka musulmonlar byurosi 1919 yilda Fitrat, Nazir To’raqulov va Laziz Azizzodadan iborat hay’at tuzib, tarixiy merosni o’rganish zarurligiga e’tiborni qaratgan edi. Ularning Buxoro, Samarqand va Farg’ona vodiysiga qilgan ilmiy safarlari natijasida ko’plab tarixiy asarlarning qo’lyozmalari topildi va Toshkentga olib kelindi. “Chig’atoy gurungi” adabiyot va san’at sohasida muhim ishlarni amalga oshirgan. Fitrat, Cho’lpon, Botu, Elbek qalamiga mansub “O’zbek yosh shoirlari” (1922) to’plami, Fitratning “Temur sag’anasi”, “O’g’uzxon”, “Abo Muslim” va “Qon” singari dramatik asarlari bunga misoldir. “Chig’atoy gurungi” a’zolari o’z g’oyalarini “yangi Sharq”, “Uchqun” gazetasi va “Tong” jurnali orqali ifodalashgan. Tashkilotning “Chig’atoy gurungi” nomli maxsus jurnalining 1-soni chop qilingach, jurnal taqiqlangan. 1921 yil boshlarida “Chig’atoy gurungi” tashkiloti faoliyati Turkiston ASSR Maorif xalq komissarligi tomonidan to’xtatilgan. Naim Karimov, Qahramon Rajabov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz