CHERNOV
CHERNOV — Dmitriy Konstantinovich (1839, Peterburg — 1921, Yalta) — metallurgiya va metallshunoslik sohalari bo’yicha rus olimi, hoz. zamon metallshunosligi asoschisi, rus metallurgiya va metallshunoslari yirik ilmiy maktabini yaratgan. Peterburg amaliy texnologiya institutini tugatgan (1858), shu institutda o’qituvchilik qilgan (1859-66), Peterburg po’lat quyish zavodida muhandis bo’lib ishlagan (1866 yildan), Donbassda tosh-tuz konlari qidirish bilan shug’ullangan (1880-84), Peterburgda dengiz texnikasi kombinatida ishlagan (1884 yildan). Chernov 1889 yildan Mixaylov Art. akademiyasida professor. Asosiy ilmiy ishlari metallarga termik ishlov berish masalalariga doir. Chernov po’latni qattiq holatda qizdirganda va sovitganda uning fazaviy o’zgarishini kashf etdi, shu jarayondagi kritik nuqtani aniqladi. Po’latni qizdirishda yuz beradigan ichki-polimorfik o’zgarishlarni ta’minlaydigan nuqta “Chernov nuqtasi” deb ataladi. Chernov po’lat quymasining kristallanishi va strukturasi nazariyasini ishlab chiqdi. Uning metallarga doir olib brogan tadqiqotlari hozirgi zamon metallshunosligi va po’latni termik ishlash masalalarini ilmiy va amaliy jihatdan asoslab berdi. Chernovning metallurgiya texnikasini takomillashtirishga doir ishlari juda muhim.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz