Chen Zhaodi




Chen Zhaodi (xitoycha: 陈招娣; 1955-yil 15-aprel — 2013-yil 1-aprel) xitoylik ayol voleybolchi, murabbiy va harbiy general unvoniga ega. U 1981-yilda FIVB voleybol boʻyicha ayollar jahon chempionatida va 1982-yilda FIVB voleybol boʻyicha ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatida gʻolib boʻlgan Xitoy terma jamoasining asosiy aʼzosi edi. 1983-yilda Voleybolchilik faoliyatini yakunlagach, terma jamoada murabbiy yordamchisi, keyinroq jamoa menejeri, ayollar oʻsmirlar terma jamoasida esa bosh murabbiy boʻlib ishlagan. Shundan soʻng, Chen Zhaodi Xalq Ozodlik Armiyasi Bosh Siyosiy Departamenti Madaniyat va sport byurosi direktori boʻldi va general-mayor unvoni bilan taqdirlandi, bu uni harbiy general lavozimiga ega boʻlgan yagona xitoylik sportchiga aylantirdi. Chen saraton kasalligidan aziyat chekdi va 2013-yilda 57 yoshida vafot etdi.

Yoshlik yillari



Chen 1955-yil 15-aprelda Xanchjou, Chjejiang, Xitoyda tugʻilgan. Xanchjoudagi 10-sonli oʻrta maktabda oʻqigan. 1970-yil dekabr oyida u 15 yoshida Chjejiang provinsiyasi ayollar voleybol jamoasi safida oʻynash uchun tanlangan.

Faoliyati



Voleybol



1973-yilda Chen Xalq Ozodlik Armiyasining Bayi voleybol jamoasiga tanlab olingan. 1979-yil iyun oyida Chen Zhaodi Yaponiyaning Hitachi jamoasiga qarshi klublar oʻrtasidagi Osiyo chempionatida jarohat oldi va chap qoʻlining bilak suyagini sindirib oldi. Ikki oy oʻtgach, u chap qoʻlini bint bilan oʻralgan holda Xitoyning Toʻrtinchi Milliy oʻyinlarida Bayi jamoasida oʻynadi va shundan buyon „Bir qurolli general“ laqabi bilan atala boshlandi.

1976-yilda Chen Xitoyning ayollar milliy voleybol jamoasi tomonidan setter sifatida oʻynash uchun tanlab olingan. Yuan Weimin bosh murabbiyligidagi jamoa 1979-yilda ilk Osiyo chempionligini qoʻlga kiritdi. 1981-yilda jamoa birinchi marta FIVB voleybol boʻyicha ayollar oʻrtasidagi Jahon kubogida gʻoliblikka erishdi va Chen jamoadoshi va yaqin doʻsti Lang Ping bilan bu gʻalabada muhim rol oʻynadi. Keyingi yili jamoa Peruda 1982-yilgi FIVB voleybol boʻyicha ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatida gʻoliblik shohsupasiga koʻtarildi. Jamoa keyingi toʻrt yil ichida yana uchta jahon chempionligini qoʻlga kiritdi va uning aʼzolari Xitoyda milliy qahramon sifatida eʼtirof etildi. Chen 1983-yilda voleybol oʻyinchisi sifatida isteʼfoga chiqdi va 1984-yilgi Yozgi Olimpiya oʻyinlarida Xitoy terma jamoasi oltin medalni qoʻlga kiritgan vatida jamoaning yordamchi murabbiyi vazifasini bajarayotgan edi.

Chen Zhaodi 1983-yilda Pekin jismoniy tarbiya institutinibitirdi.

1986-yilda Chen Xitoyning oʻsmirlar terma jamoasining bosh murabbiyi boʻldi, uning jamoasi 1987-yilda voleybol boʻyicha ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatida bronza medalini qoʻlga kiritdi. Biroq, 1988-yilda unga saraton kasalligi tashxisi qoʻyilganligi sababli, lavozimni tark etishga majbur boʻlgan.

Saraton kasalligini davolashdan soʻng, u 1989-yilda qayta tashkil etilgan milliy voleybol ayollar terma jamoasiga qoʻshildi va 1992-yilgacha jamoa menejeri boʻlib ishladi. 1993-yilda Chen Zhaodi Xitoy voleybol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimiga koʻtarildi.

1993-yilda Chen Xalq Ozodlik Armiyasi Bosh Siyosiy Departamenti (GPD) Madaniyat va sport byurosiga qoʻshildi. Keyinchalik Chen Zhaodi byuro direktori va GPDning targʻibot boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari lavozimlariga koʻtarildi va 2006-yil iyul oyida general-mayor unvoni bilan taqdirlandi. U harbiy generalga aylangan yagona xitoylik sportchidir.

Shaxsiy hayoti



2013-yil 1-aprelda Chen 57 yoshida Pekinda saraton kasalligidan vafot etdi. Uning ota-onasi, ikkita katta opasi va ukasi saraton kasalligidan vafot etgan. Babaoshan xalq qabristonida uning dafn marosimida 1000 ga yaqin xitoyliklar qatnashdi.

Chenning hikoyasi ham Xitoyda oʻrta maktab darsliklarida yozilgan.

Manbalar




Havolalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz