CHELYABINSK VILOYATI
CHELYABINSK VILOYATI – Rossiya Federatsiyasidagi viloyat, 1934 yil 17 yanvarda tashkil etilgan. Maydoni 87,9 ming kilometr kvadrat. Aholisi 3606,1 ming kishi (2002), asosan, ruslar (81%), shuningdek, tatar, boshqird, ukrain, nemis va boshqa millat vakillari yashaydi. Shahar aholisi 81,8%. Tarkibida 24 ma’muriy tuman, 30 shahar, 30 shaharcha bor. Markazi — Chelyabinsk shahri. Boshqa yirik shaharlari: Magnitogorsk, Zlatoust, Miass, Kopeysk. Chelyabinsk viloyati Janub Uralning Sharqiy yon bag’irlari va Ural orti platosi bilan yondosh hududda joylashgan. Foydali qazilmalari: temir, nikel, misrux rudalari, qo’ng’ir kumir, magnezit, grafit, boksit, marmar, kvars qumlari va boshqalar. Iqlimi kontinental, kishi sovuq, davomli. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 16°dan -18° gacha. Yozi iliq, Janubi sharqida issiq, iyulning o’rtacha temperaturasi 17-20°. Yiliga 300 millimetrdan (tekislikda) 600 millimetrgacha (tog’larda) yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 130-150 kun. Asosiy daryolari — Ural, Miass. Chuchuk va sho’r suvli ko’l ko’p. Eng yirik ko’llari: Uvildi, Irtyash, Turgoyak, Katta Kasli, Chebarko’l. Viloyat o’rmonli dasht va shimol dasht zonasida joylashgan. Tuproqlari, asosan, oddiy va yuvilgan qoratuproq hamda bo’z o’rmonli, bo’z tog’o’rmonli va o’tloqi tuproq. Shimolda tog’ terak qayin va qarag’ay o’rmonlari, Markaziy qismida o’rmonli dasht o’simliklari keng tarqalgan. O’rmon va dasht hayvonlari uchraydi. Chelyabinsk viloyati hududida milliy bog’lar, Ilmen qo’riqxonasi bor. O’rmonlar viloyat hududining 25% ni egallaydi. Sanoatining etakchi tarmoqlari: qora (Rossiyadagi po’latning 22% dan ortig’i, qora metall prokatining 22%, po’lat quvurlarning 18% ishlab chiqariladi) va rangli metallurgiya, mashinasozlik va metallsozlik (elektrodvigatellar, radio moslamalari, sovitkich va muzlatkichlar, yuk mashinalari, konchilik jihozlari, stanoklar, soatlar va boshqalar), kimyo (mineral o’g’itlar, sintetik smolalar, lok va bo’yoqlar) sanoatlari. Yengil va harbiy sanoat majmuasi korxonalari mavjud. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Qo’ng’ir ko’mir, qora va rangli metallar rudalari, magnezit qazib olinadi. Yirik korxonalari: Chelyabinsk traktor zavodi, Yuryuzan mexanika zavodi, Ust Katav vagonsozlik zavodi va boshqalar. Elektr energiyaning ko’p qismi mahalliy elektr stansiyalarda ishlab chiqariladi. Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmog’i sut go’sht yetishtirishga ixtisoslashgan chorvachilik (qoramol, qo’y va echki, cho’chqa), parrandachilik. G’allachilik (asosan, bug’doy ekiladi) va donloviyachilik, sabzavotchilik rivojlangan. Kartoshka ko’p ekiladi. Temir yo’l uzunligi 1793 kilometr, qattiq qoplamali avtomobil yo’llari 8137 kilometr (2002). Viloyat hududidan tranzit neft va gaz quvurlari, avialiniya shoxobchalari o’tgan. Magnitogorsk va Chelyabinskda yirik xalqaro aeroportlar bor. 10 oliy o’quv yurti, 34 ilmiy tadqiqot instituti, 13 muzey, 7 teatr faoliyat ko’rsatadi. Viloyatda 160 dan ziyod sanatoriykurort muassasalari va dam olish joylari bor.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz