CHAYOT
CHAYOT, Meksika bodringi (Sechium edule L.) — qovoqdoshlar oilasiga, Sechium turkumiga mansub o’simlik turi, oziq-ovqat ekini. Markaziy Amerikada indeyslar tomonidan madaniylashtirilgan. 19-asr o’rtalaridan Afrikada, so’ngra Janub Yevropada, Osiyoning tropik qismida tarqalgan. Asosan, Meksikada ko’p ekiladi. Tropiklarda ko’p yillik, subtropiklarda bir yillik ekin, poyasining uzunligi 10 metrgacha boradi. Bargi besh bo’lmali, guli ayrim jinsli. Mevasi noksimon, rangi yashil, bir urug’li, uzunligi 13-20 santimetrgacha, og’irligi 0,2—2 kilogramm. Mevasi tarkibida 3-3,5% qand, 20% kraxmal, oqsil, qisman moy bor. Qovurib yoki dimlab yeyiladi. Ekilganidan keyin 2 yildan boshlab ildizida 2 kilogrammdan 30 kilogrammgacha tuganaklar hosil qiladi. Ildizda hosil bo’lgan tuganaklarda 20% gacha kraxmal, oqsil, smolali moddalar to’planadi, mazasi kartoshkaga o’xshaydi, bolalar va bemorlar uchun parhez un tayyorlanadi. Poyasidan bosh kiyim va savatlar to’qiladigan pishiq tola olinadi. Subtropiklarda butun mevasini band tomoni Chayot bilan ekib ko’paytiriladi. Ekish sxemasi 2 metr x 1,5 metr. Sentabrda gullaydi, bir oydan keyin mevalari etiladi (bir o’simlik 200 donagacha meva tugadi).
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz