Chayonoʻt
Kuchala , chayonoʻt (Urtica doioica L.) — 1) kuchaladoshlar oilasiga mansub, koʻp yillik, zaharli oʻt. Uning shuningdek gazanda oʻt, qichitqi oʻt, qalaqay singari nomlari ham mavjud.
meyoridan ortiqcha istemol qilsa asab nervf tizimiga t'asir qiladi.
Biologik tuzilishi
Oʻsimlik boʻyi 60—125 sm. Bargi shapaloq, tuxumsimon, barg cheti tishsimon qirqilgan, uchi oʻtkirlashgan, uzun bandli. Barg bandining ostki qismi qin hosil qilib, poyani oʻraydi, poyada barglar qarama-qarshi joylashadi. Oʻsimlikning poyasi esa tik oʻsuvchi, toʻrt qirrali, shoxlanmagan boʻladi.Gullari mayda, yashil rangli boʻlib, barg qoʻltigʻidan chiqqan boshoqda toʻplangan. Ular ayrim jinsli, toʻpguli soʻtasimon. Yuqori qismida changchi, quyida esa urugʻchi gullar joylashgan. Oʻsimlikning poya va barglari moʻrt tukchalar bilan qoplangan. Bu tuklar badanga sanchilganda uchi sinadi va uchidagi suyuq modda (chumoli kislotasi) badanni qichitadi. Tropik mamlakatlarda uchrovchi ayrim chayonoʻtlarning suyuqligi shu qadar zaxarliki, tekkan joy falaj boʻlmasdan qolmaydi. May-sentabr oylarida gullaydi, urugʻi iyunda pishadi. Tugunagida saponin, kraxmal, mevasida karotinoid, likopin bor. Mevasi tuxumsimon yoki ellipsimon koʻrinishga ega boʻlib, sariq yoki kulrang tusli yongʻoqcha boʻladi.
Tarqalishi
Oʻrta va tropik oʻlkalarda oʻsimlikning 30 ga yaqin turi uchraydi. Uning 10ga yaqin turi Oʻzbekiston hududida uchraydi. Toshkent, Fargʻona va Samarqand viloyatlarining togʻ oʻrmonlaridagi nam va zax yerdarda, oʻtlar orasida, butazorlarda, yoʻl yoqalarida, suv boʻylarida oʻsadi.
Tarkibi
Chayonoʻt tarkibida karotin, vitamin C, B, K lar, provitamin A, chumoli kislotasi, gistomin, pantoten kislotasi, urtistit glikozidi, tanid, xlorofill, kraxmal va boshqa moddalar qatorida tirik organizm uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan temir moddasi bor.
Qoʻllanilinishi
Xalq tabobatida qoʻllanilinishi
Tugunagidan tayyorlangan tolqon xalq tabobatida ilon va chayon chaqqanda, kunjut moyiga qorilgan tolqonidan pishirilgan non bavosirni, asalga qorilgan chayonoʻt tolqoni esa pesni davolashda qoʻllanadi. Yanchilgan tugunagini unga qorib sichqon, kalamush va boshqa kemiruvchilarni zaharlaydigan xoʻrak tayyorlanadi; 2) koʻpchilik daraxt oʻsimliklar (qayin, terak, tol) ning shingilsimon toʻpguli; gullaganidan (urugʻchi chayonoʻt) yoki urugʻlaganidan keyin (changchi chayonoʻt) yaxlit toʻkiladi.
Oʻt barglaridan tayyorlangan damlama, qaynatma yoki oʻsimlik kukuni bezgak, nafas qisishi, burun va ogʻizdan qon kelishi, koʻkrak ogʻrigʻi, bavosil kasalliklariga qarshi hamda balgʻam koʻchiruvchi va peshob haydovchi omil sifatida qoʻllaniladi.
Bundan tashqarichayonoʻt yalligʻlanish protsesini toʻxtatadi, meʼda faoliyatini yaxshilaydi, dispensiya, dizenteriya kasalliklarini davolaydi, qonni tozalaydi. Uning yangi tayyorlangan sharbati falajlanishda shifo beradi.
Ilmiy tibbiyotda qoʻllanilinishi
Ilmiy tibbiyotda chayonoʻt asosida tayyorlanadigandorivor preparatlar (damlama, suyuq ekstrakt) gemorroidal qon ketishda, hayz maromi buzilganda (klimaks), surunkali varikoz yaralarini davolashda, gipo va avitaminoz kasalliklarida tavsiya etiladi.
Boshqa sohalarda qoʻllanilinishi
Chayonoʻtning yosh barg va barra novdalaridan salatlar, souslar, pyure hamda suyuq taomlar tayyorlash mumkin.
U texnik ahamiyatga molik boʻlgan xomashyo sifatida ham ishlatiladi, chayonoʻtdan jiloli ranglar olinadi.
Chayonoʻt uy hayvonlari uchun juda toʻyimli ozuqa hisoblanadi. Oʻtning yosh novdalari hayvonlarning mahsuldorligini oshiradi. Parrandalar ozuqasiga quruq chayonoʻt qoʻshib berilsa (qish faslida), ularning tuxumi zalvarli boʻlib, soni koʻpayadi. Ayniqsa oʻt urugʻlari suvda qaynatib berilsa, parrandaning tuxum berishi ortadi. Joʻjalarga oʻsimlik poyasi va barglari maydalab berilsa, vazni ortadi va tez ulgʻayadi.
Galereya
Manbalar
uz.wikipedia.org