Chayon zarbasi
„Chayon zarbasi“ (inglizcha: scorpion kick, reverse bicycle kick, back hammer kick, ispancha: El escorpión) — darvozabon yoki futbolchi tomonidan sakragan holatda toʻpga tovoni bilan zarba berish usuli. Zarba ijrosi koʻrinish jihatidan oʻz oʻljasiga hujum qilayotgan chayonni eslatganligi sababli shunday nomlangan. Kolumbiyalik darvozabon Rene Higuita futboldagi ushbu texnikaning muallifi va ilk ijrochisi hisoblanadi. Uchrashuvdan soʻng, darvozabon tavakkal qilgani uchun jamoadoshlaridan uzr soʻragan va jurnalistlarga bergan intervyusi davomida shunday degan: „Bu zarbani majburlikdan ijro etganman, o‘zimni ko‘rsatish uchunmas. Agar qo‘lim bilan ushlashga intilganimda gol o‘tazishim mumkin edi“. „Chayon zarbasi“ televideniyeda qayta-qayta efirga uzatildi, matbuotda ushbu zarba haqida maqolalar chop etildi.
Ilk marta ijro etilishi
1995-yil 6-sentyabrda „Wembley“ stadionida boʻlib oʻtgan Angliyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi birinchi bo‘limining 21-daqiqasida „Telba“ (ispancha: El Loco) laqabi bilan tanilgan kolumbiyalik darvozabon Rene Higuita 16 000 ga yaqin britaniyalik va 4 000 ga yaqin kolumbiyalik tomoshabinlar koʻz oʻngida futbol tarixida ilk bor „chayon zarbasi“ni amalga oshirdi. Britaniyalik futbolchilardan biri Kolumbiya terma jamoasining jarima maydonchasida ofsaydga tushib qoldi. Buni koʻrgan yon hakam bayroqchasini koʻtarishga hozirlik koʻrayotgan edi (boshqa versiyaga koʻra, u hatto bayroqni koʻtargan, lekin bosh hakam bayroq koʻtarilganini payqamagan). Toʻp Jamie Redknappning uzatmasidan soʻng, ofsayddagi futbolchi tarafga emas Rene Higuita qoʻriqlayotgan darvoza tomon yoʻl olgan. Havodan kelayotgan toʻpni koʻrgan darvozabon uni koʻzdan qochirmaslik uchun bir necha qadam orqaga chekingan. So‘ng, oʻljasiga zarba berishga tayyorlanayotgan chayon kabi egilib toʻpni qaytaradi. Higuita toʻpni oʻz ustidan oʻtishiga imkon beradi. Keyin esa kutilmaganda tovoni bilan toʻpni qaytarib yuboradi.
Futbolchilar va jurnalistlar tomonidan bildirilgan munosabatlar
Kolumbiya terma jamoasining hujumchisi Iván Valenciano ham oʻsha vaziyatda hamma qatori darvozabonning toʻpni qoʻli bilan ushlab olishini kutganligi aytib oʻtgan. Bahsda ishtirok etgan yana bir kolumbiyalik futbolchi — Faustino Asprillaning taʼkidlashicha, shu paytda ikkala jamoa futbolchilari ham hakamga qarab, uning hushtak chalishini kutishgan. Britaniyalik futbol jurnalisti Jonathan Wilson XX—XXI asrlarning eng yaxshi darvozabonlari haqidagi mualliflik kitobida Higuita amalga oshirgan seyv haqida shunday degan:
„Ajoyib ijro. Ha, bu harakat kulguli koʻrinishi mumkin. Lekin golsiz oʻyinni muxlislar keyinchalik eslashlari uchun Higuitaning seyvidan boshqa sabab topa olasizmi? Uning harakatlari Angliya-Kolumbiya uchrashuvini tarixda qoldirdi.“
— Jonathan Wilson, [7]
Rossiyalik mashhur darvozabon — Igor Akinfeev: „Men Rene Higuitaning mashhur „chayon zarbasini“ koʻrganimda: „Bu odam telba! Umurtqasi sinmagani uning omadi“ — deganman“.
Eʼtirof etilishi
2008-yilda Angliyaning Footy Boots portali tomonidan oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, „chayon zarbasi“ futbol tarixidagi eng yaxshi fint deb topildi. Britaniyaning „Sport“ jurnali Higuitaning seyvini sport tarixidagi eng muhim voqeliklar reytingida 93-oʻringa joylashtirgan. Rossiyadagi koʻp jildli „Futbol ensiklopediyasi“ mualliflari Higuitaning bu harakati barcha davrlardagi eng ajoyib seyv ekanligini taʼkidlashgan. Diego Maradona ajoyib sakrashni yana bir bor koʻrish uchun xaylashuv oʻyinida Higuitaga qarshi oʻynagan.
Harakatning takrorlanishi
Keyinroq turli jamoalar futbolchilari Higuitaning harakatini takrorlashdi. Ronaldinho va uning doʻstlari Braziliya chempionati yulduzlariga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazishdi. Mazkur uchrashuvda Braziliyaning „San Paulu“ klubi darvozaboni Sidão tomonidan chayon zarbasi amalga oshirilganligi haqida xabar berildi. 2018-yilda Germaniyaning „SV Sandhausen“ klubi yarimhimoyachisi Manuel Stiefler „Bochum“ darvozasiga, Tulaning „Arsenal“ klubi hujumchisi Luka Đorđević esa „Orenburg“ darvozasiga „chayon zarbasi“ usulida toʻp kiritishgan. Fransiyalik futbolchi Olivier Giroud 2017-yilning 1-yanvarida „Arsenal“ klubi tarkibida „chayon zarbasi“ usulida „Kristal Pelas“ darvozasini ishgʻol qildi.
Mualliflik uchun bahslar
Higuitaning oʻzi bunday seyvni amalga oshirish gʻoyasi bolalarning toʻp bilan mashq qilishini tomosha qilganda paydo boʻlganini aytgan:
Bolalar har doim meni ilhomlantirgan. Koʻpincha koʻchada ularning qaychi uslubini mashq qilishayotganini koʻrar edim. Bolalarga bu harakatni teskarisiga amalga oshirish yaxshiroq boʻlishini aytganman.
— Rene Higuita, [14]
Orginal matn (ingl.)
Children have always been my inspiration. I always saw them in the street or in a park trying out bicycle kicks, and I told them it would be good to do it in reverse[14].
Kolumbiyaning „El Tiempo“ gazetasi muxbiri Pablo Romeroning taʼkidlashicha, Higuita birinchi marta chayon zarbasini 1990-yil „Frutiño“ alkogolsiz ichimliklar reklamasida koʻrgan va besh yil davomida zarba yoʻllashni mashq qilgan. Kolumbiyalik sobiq futbolchi Víctor Aristizábal: „Odamlar Higuita chayon zarbasini oʻsha kuni stadionning oʻzida oʻylab topgan deyishadi. Lekin unday emas. U har kuni chayon zarbasini mashq qilardi va bizga imkon boʻlishi bilan seyvni rasmiy oʻyin davomida amalga oshirishga tayyorlanyotganini aytgan. Bu kutilmagan holat. Lekin biz qachondir shunday boʻlishini bilar edik“, – degan. Víctor Aristizábalning oʻzi 1993-yil 30-mayda Chiliga qarshi oʻyinda chayon uslubida gol urgan. Paragvaylik futbolchi Roberto Cabañas ham 1983-yilda Amerikaning „New York Cosmos“ klubi safida shunday gol urgan. Bundan ancha oldin, 70-yillarda nemis darvozaboni Sepp Maier chayon zarbasini amalga oshirgan. Ammo, u rasmiy oʻyinda emas, balki mashgʻulotlarda mazkur zarbani amalga oshirgan. 2012-yilda meksikalik Hugo Sánchez „Real Madrid“ safida harakat qilayotgan paytda bu harakat („chayon zarbasi“)ni o‘ylab topganini, ammo oʻyin paytida ijro eta olmaganligini aytgan. Sánchez bu harakatni „xachir zarbasi“ deb atagandi. „Ushbu texnikani mashhur qilgan Higuitaga rahmat aytaman. Uni men oʻylab topdim“, — deydi Sánchez.
Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasining rasmiy sayti „chayon zarbasi“ning muallifi sifatida „Independiente“ klubi safida harakat qilgan paragvaylik hujumchi — Arsenio Ericoni koʻrsatgan. Erico 1934-yilning avgustida Argentina chempionati doirasida „Boca Juniors“ klubiga qarshi bahsda chayon uslubida zarba bergan. Keyinchalik, fint Lotin Amerikasi futbolida „belanchak“ (ispancha: balancines) nomini oldi. Paragvaylik jurnalist Alberto Candia Arsenio Ericodan keyin fintni takrorlagan futbolchilar roʻyxatini tuzdi. Roʻyxatdan Alfredo Di Stefano ham joy olgan.
Mualliflikka daʼvogar futbolchilar Hujumchi Arsenio Erico
Darvozabon Sepp Maier
Hujumchi Hugo Sánchez
Izohlar
Manbalar
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org