CHAYKOVSKIY PYOTR ILICH
CHAYKOVSKIY PYOTR ILICH [1840.25.4(7.5), hozirgi Votkinsk — 1893.25.10 (6.11), Peterburg] rus kompozitori, yirik simfoniyachi, musiqiy dramaturg, dirijyor, pedagog. Peterburg konservatoriyasini tugatgan (1865). Moskva konservatoriyasida prof. (1866-78). Rus musiqa jamiyati Moskva bo’limining direktori (1885 yildan). 1887 yildan Rossiya, shuningdek, Yevropa va AQShda gastrolda bo’lib, asosan, o’z asarlariga dirijyorlik qilgan. Chaykovskiy chuqur milliy, xalqchil va demokratik uslubdagi opera, balet, simfonik va kamer asarlarning yuksak namunalarini yaratgan. Uning ijodi rus romani, xalq qo’shiqlari va romantizm davri ohanglariga asoslangan o’ziga xos musiqa uslubi bilan ajralib turadi. Chaykovskiy musiqasi nihoyatda ta’sirchanligi, ajoyib ohangdorligi, yorqin ifodaviy vositalari, jushkin, hayajonli kuylarga boyligi bilan ahamiyatlidir. Ijodida o’ta nozik ruhidagi jarayonlar bilan birga ko’lami keng — muhabbat va taqdir, hayot va o’lim, tabiat kabi mavzular o’zining yuksak badiiy ifodasini topgan. Chaykovskiy turli janrlarda boy ijodiy meros qoldirib, 10 opera, 3 balet, 6 simfoniya, simfonik fantaziya, uvertyura va syuitalar, 3 fortepiano va 1 skripka kontsertlari, diniy mavzudagi xor asarlari, shuningdek, fortepiano, skripka uchun pyesalar hamda vokal musiqaning etuk namunalarini yaratgan. Ayniqsa, 4-6 simfoniyalari (1877-1893), “Francheska da Rimini” (1876) va “Romeo va Juletta” (1869) simfonik uvertyura—fantaziyalar, “Italyancha kaprichio” (1880), skripka (1878) va 1-fortepiano (1875) kontsertlari, “Yevgeniy Onegin” (1878), “Qarg’a motkasi” (1890), “Iolanta” (1891) operalari, “Oqqush ko’li” (1876), “Uyqudagi go’zal” (1889), “Shchelkunchik” (1892) baletlari jahon simfonizma cho’qqilari hisoblanadi. Garmoniyadan rus tilida birinchi darelik (“garmoniyani amaliy o’rganish bo’yicha qo’llanma”, 1872) muallifi. Chaykovskiyning barcha asarlari tuda nashr etilgan (Polnoe Sobranie sochineniy, t. 1-63, M., 1940-90). Votkinsk shahrida memorial muzeyi (1894 yildan) va Klin (1940) shahrida Chaykovskiy uy-muzeyi bor. Moskva konservatoriyasi, 1958 yildan Moskvada o’tkaziladigan musiqa ijrochilari xalqaro tanlovi va boshqalarga Chaykovskiy nomi berilgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz