Chatqol vodiysi
Chatqol vodiysi - Gʻarbiy Tyanshan togʻlaridagi vodiy, Chatqol daryosi yuqori oqimida. Qirgʻiziston Respublikasining Oʻsh viloyati hududida. Shimoli-gʻarbdan Piskom va Sandalash, shimolidan Talas Olatovi, janubi-sharqdan Chatqol tizmasi bilan oʻralgan. Shimoli-sharqsan janubi-gʻarbga 90 km dan ziyod masofaga choʻzilgan. Oʻrtacha eni 2–5 km. Vodiy tubining balandligi janubi-gʻarbdan (1400 m) shimoli-sharqqa (2200 m) ortib boradi. Vodiy Chapchama dovoni (2841 m) orqali Qozogʻistonning Jambul viloyati bilan bogʻlangan.
Chatqol vodiysining oʻrta qismidan oqib oʻtadigan Chatqol daryosi va uning oʻng va chap irmoqlari (Qoraqasmoq, Toldibuloq, Sandalash, Jartisu, Qoraqorum va boshqalar) keng qayir, bir qancha erozion va erozionakkumulyativ terrasalar hosil qilgan. Terrasalardan yuqorvdagi tizmalar yon bagʻrida va suvayirgʻich qismlarida tekislangan yuzalar uchraydi.
Chatqol vodiysi tektonik jihatdan gersin burmalanishi davrida shakllangan sinklinal botiqsir. Vodiyni oʻrab olgan tizmalar paleozoygacha va paleozoy davri choʻkindi, metamorfik va vulkanik togʻ jinslari (slanets, qumtosh, ohaktosh, konglomerat, kvarsit va boshqalar)dan tashkil topgan. Vodiyda paleogen va toʻrtlamchi davr choʻkindi togʻ jinslari (qumtosh, alevrolit, gil, konglomerat, mergel, qum aralash shagʻal toshlar, lyosslar) tarqalgan.
Iqlimi keskin kontinental. Oʻrtacha temperatura yanvarda —17,8°, iyulda 17,3°. Eng past temperatura (—47°) dekabrda kuzatiladi. Oʻrtacha yillik temperatura 2° atrofida. Yillik yogʻin 600–700 mm. Asosan, mart — aprel oylarida yogʻadi.
Chatqol vodiysi hududida, asosan, boʻz, qoʻngʻir, jigarrang tuproqlar, daryo va soylar oqizib keltirgan tosh, qum va qumloqlar uchraydi. Efemer va efemeroidlardan lola, lolaqizgʻaldoq, rang, qoʻngʻirbosh, bugʻdoyiq, kakra, boʻtakoʻz va boshqa, vodiyning balandroq kismlari va daryo boʻylarida boʻliq oʻtlar, butalar, daraxtlar (tikanli bodom, doʻlana, zirk, archa, yongʻoq, zarang, qayin, qayragʻoch, tol, terak, olcha va boshqalar) oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, ayiq, tulki, boʻrsiq, olmaxon, kiyik, qor qoploni, silovsin, kalamush, ilonlar; qushlardan kaklik, kaptar, chumchuq, qirgʻiy, lochin, soʻfitoʻrgʻay va boshqa bor. Vodiy hududida Beshorol qoʻriqxonasi tashkil qilingan. Vodiyda dehqonchilik, bogʻdorchilik bilan shugʻullaniladi va undan yaylov sifatida foydalaniladi.
Murod Mamatqulov.
uz.wikipedia.org